35 yillik MDH: O‘zbekiston uchun bu maydon endi nimani anglatadi?
2026-yil dekabrda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashkil topganiga 35 yil to‘ladi. Shu davr mobaynida MDHning o‘zi ham, a’zo davlatlar o‘rtasidagi munosabat ham sezilarli darajada o‘zgardi. Tuzilma bugun iqtisodiy, gumanitar, transport va xavfsizlik sohalarida hamkorlik maydoni sifatida saqlanib qolmoqda. Binobarin, tashkilotning siyosiy ta’siri kamayib, ayrim faoliyat yo‘nalishlari boshqa mintaqaviy formatlar bilan kesishib borayotgani ham sir emas.
Baribir, MDHdagi ishtirokimiz so‘nggi yillarda yangi mazmun kasb etdi. 2017-yildan boshlab Toshkentning yondashuvi Hamdo‘stlik tarkibidagi barcha tuzilmalar doirasida faollashdi. Aniqrog‘i, mavjud barcha 66 yo‘nalishda vakolatga ega bo‘ldi. 2017-yildan buyon O‘zbekiston ushbu maydonda 90 amaliy taklifni ilgari surgan, shundan 80 tasi amalga oshgan. 2027-yil mamlakatimiz MDHga raislik qiladi.
Siyosiy fanlar doktori, professor Sayfiddin Jo‘rayev bilan suhbatda Hamdo‘stlikning bugungi holati, O‘zbekistonning mintaqadagi o‘rni, mavjud muammolar va 2027-yilgi raislikdan kutilayotgan vazifalar haqida so‘z boradi.
– Sayfiddin aka, MDH tashkil topganiga 35 yil to‘lyapti. Uch yarim o‘n yillikda tuzilma o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni qay darajada bajara oldi?

– MDHni faqat bugungi holatiga qarab baholash to‘g‘ri emas. 35 yil ortga nazar tashlasak, Hamdo‘stlik bir necha bosqichni bosib o‘tganini ko‘ramiz. Tuzilma dastlab sobiq ittifoqdosh respublikalarning mustaqil davlatlarga ajralishi jarayonini tinch va huquqiy asosda rasmiylashtirishga xizmat qildi. Keyin integratsiyaga nisbatan umid kuchaydi, ammo bu niyat kutilgan darajada amalga oshmadi. Jarayonda iqtisodiy, gumanitar, transport va xavfsizlik kabi amaliy sohalar ustuvorlik kasb etdi.
Menimcha, natijani MDHning to‘laqonli uyg‘un birlashmaga aylangani yoki aylanmagani bilan emas, balki murakkab geosiyosiy sharoitda muloqot va hamkorlik mexanizmini saqlab qola olgani bilan baholash kerak. Bugun Hamdo‘stlik tizimida 80 dan ziyod idora, 67 tarmoq tuzilmasi faoliyat yuritmoqda. Iqtisodiy va gumanitar sohalarda muayyan amaliy natijalarga erishilgan.
– O‘zbekistonning MDHdagi o‘rni so‘nggi yillarda yaqqol o‘sdi. Bu o‘zgarish nimada ko‘rinadi?
– O‘zbekistonning MDHga munosabati ikki davrga ajraladi. 1991-2016-yillarda mamlakat Hamdo‘stlik tadbirlarida qisman ishtirok etdi, asosan ikki tomonlama munosabatlarga e’tibor qaratdi.
2017-yildan esa yondashuvimiz tubdan o‘zgarib, tashkilot nizomi bo‘yicha barcha idoralar faoliyatiga qo‘shila boshladik. Endilikda mamlakatimiz MDH kun tartibiga muntazam ravishda aniq amaliy takliflar bermoqda.
Iqtisodiy ko‘rsatkichda ham faollik bor. 2025-yil yanvar-oktabr oylarida O‘zbekistonning MDH davlatlari bilan tovar aylanmasi 21,9 milliard dollarga yetgan. Joriy yil birinchi yarmida esa mamlakatimiz tashqi savdosida Hamdo‘stlik ulushi 37,8 foizni tashkil etgan. MDH davlatlari ishtirokidagi qo‘shma korxonalar soni 6 000 dan oshgan.
– O‘zbekiston MDHning asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biri” sifatida baholanishi mamlakat zimmasiga qanday vazifalar yuklaydi?
– Darhaqiqat, O‘zbekiston MDH kun tartibini shakllantirishda tashabbus ko‘rsatayotgan davlatlardan biriga aylandi. Ya’ni, bu faoliyatni son emas, sifat bilan baholash vaqti keldi. Hozirgacha respublikamiz tashabbusi bilan 2030-yilgacha iqtisodiy rivojlanish strategiyasi, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish konsepsiyasi, transport infratuzilmasini takomillashtirishga qaratilgan hujjat qabul qilingan. Deradikalizatsiya, chegara xavfsizligi, gumanitar hamkorlik, innovatsiya va energetika yo‘nalishlarida ham amaliy tashabbuslar ilgari surilgan.
– 2027-yil O‘zbekistonning tuzilmaga raisligidan qanday amaliy natijalar kutish mumkin?
– Bu O‘zbekiston uchun nafaqat tashkilot ishini muvofiqlashtirish, balki MDHni yangi sharoitga moslashtirish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish imkoniyatidir. Ya’ni, kun tartibi aniq amaliy natijalarga asoslanishi kutiladi.
Birinchi yo‘nalish – iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish: erkin savdo hududlarini takomillashtirish, xizmat va savdo ko‘lamini kengaytirish, davlat xaridi bozoriga kirish. Ikkinchi yo‘nalish – texnologiya hamkorligi: venchur platformasi, innovatsiya markazlari, sun’iy intellekt, yirik ma’lumotlar, raqamlashtirish va “yashil” energetika kun tartibiga chiqish. Uchinchi yo‘nalish – transport bog‘liqligini kuchaytirish: Shimol – Janub va Sharq – G‘arb yo‘laklarini rivojlantirish, transport tizimini raqamlashtirish O‘zbekistonning mintaqaviy transport-logistika markazi sifatidagi o‘rnini mustahkamlash. To‘rtinchi yo‘nalish – inson kapitali: talabalar mobilligi, malakani o‘zaro tan olish, mehnat migrantlari huquqini himoya qilish.
Shuningdek, deradikalizatsiya, kibernetika va chegara xavfsizligi kabi masalalar ham dolzarb. Xullas, 2027-yilgi raislikning asosiy mezoni – yangi hujjatlar soni emas, qabul qilinadigan qarorlar hayotda qanday natija berishi.
– 35 yillik MDH tarixi va O‘zbekistonning bugungi faolligiga tayanib Hamdo‘stlik kelajagini qanday tasavvur qilish mumkin?
– MDH amaliy hamkorlik maydoni sifatidagi ahamiyatini saqlab qolishi ehtimoli yuqori. Buning uchun tashkilot yangi voqelikka moslashishi talab etiladi. Endi kelajak yirik siyosiy deklaratsiyalardan ko‘ra, aniq loyihalar bilan bog‘liq. Iqtisodiyot, transport, texnologiya, energetika, ta’lim, migratsiya, sog‘liqni saqlash va madaniyat yo‘nalishlarida davlatlarga manfaat keltiradigan mexanizmlar ishlasa, Hamdo‘stlik ahamiyati yanada oshadi.
Musulmon Ziyo suhbatlashdi. O‘zA