WAM: BAA Germaniyaga 40 milliard yevro investitsiya kiritadi
Birlashgan Arab Amirliklari Germaniyaning sanoat, ilg‘or texnologiya, sun’iy intellekt, raqamli infratuzilma va energetika kabi muhim sohalariga 40 milliard yevro sarmoya kiritish rejasini e’lon qildi. Bu haqda axborot hamkorimiz WAM yozgan.
Ushbu qaror BAA Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning GFRga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida qabul qilindi.
Ajratilayotgan umumiy mablag‘ning 10 milliard yevrosi Bavariya mintaqasiga yo‘naltiriladi. Umuman, ayni tashabbus arab davlatining uzoq muddatli iqtisodiy sheriklikni mustahkamlashga intilishini hamda Germaniyaning sanoat va innovatsiya sohasidagi salohiyatiga kuchli ishonchini ifodalaydi.
Germaniyaning yuqori texnologiya va tadqiqot imkoniyatini BAAning yirik loyihalarni moliyalashtirish tajribasi bilan birlashtiradigan mazkur investitsiyaviy kelishuv ikki mamlakat kompaniyalari hamkorligini chuqurlashtirib, kelgusida iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydigan tarmoqlarda yangi imkoniyatlar ochadi.
Moliyaviy qiymatidan tashqari, bu bitim izchil sheriklikka mustahkam poydevor qo‘yib, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA