Rossiyaning yirik aeroportlarida samolyotlarga yonilg‘i quyish cheklandi (+video)
Rossiyada yonilg‘i inqirozi kuchayishi ortidan aeroportlarda samolyotlarga yonilg‘i quyish bo‘yicha cheklovlar ommaviy ravishda joriy etilmoqda. 7-sentabr holatiga ko‘ra, bunday choralar mamlakatning kamida 26 ta yirik aeroportida qabul qilingan. Bu haqda 10-sentabr kuni aeronavigatsiya axboroti tizimidagi ma’lumotlarga tayanib Rossiyaning “Verstka” nashri xabar qildi.
Jurnalistlarning qayd etishicha, dastlabki cheklovlar iyun oyida joriy etilgan, cheklovlarning ikkinchi to‘lqini esa sentabr oyiga to‘g‘ri kelgan. Ularning amal qilish muddati aeroportga qarab bir oydan qariyb yetti oygacha davom etadi.
Samolyotlarga faqat bitta parvoz uchun yetarli miqdorda yonilg‘i quyilmoqda Bu choralar Rossiya va xorijiy aviakompaniyalarga birdek taalluqli. Shu bilan birga, 26 ta aeroportning15 tasidagi cheklovlar faqat xorijiy aviakompaniyalarga nisbatan qo‘llanilmoqda.
Ayniqsa, Rossiya janubida vaziyat ancha og‘ir. Bu hududdagi ayrim aeroportlar Ukraina bilan urush sababli yopilgan. Faoliyat yuritayotgan oltita aeroportdan Sochi, Volgograd va Astraxan aeroportlarida ham Rossiya hamda xorijiy aviakompaniyalar samolyotlariga yonilg‘i quyish cheklangan.
Rossiyadagi yonilg‘i inqirozi Ukraina dronlarining neftni qayta ishlash zavodlariga bergan zarbalari ortidan kuchaygan. Yil boshidan beri Ukraina Qurolli kuchlari Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga kamida 70-marta zarba bergan va mamlakatda neftni qayta ishlash hajmi pasayib ketgan.
Avgust oyioxiriga kelib Rossiyada benzin ishlab chiqarish hajmi ichki iste’molning atigi 70 foizini tashkil etgan, taqchillik esa kuniga 30 ming tonnaga yetgan. Faqat avgust oyining o‘zida Ukraina Qurolli kuchlarining zarbalari sababli Rossiyadagi kamida yettita neftni qayta ishlash zavodi ishlab chiqarishni to‘liq yoki qisman to‘xtatgan. Mamlakatning 17 ta hududida esa yonilg‘i sotuviga cheklovlar joriy etilgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Sf0iX1f4lKU" title="Rossiyaning yirik aeroportlarida samolyotlarga yonilg‘i quyish cheklandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA