Voleybol: Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik holati tahlil qilindi
Joriy yilning 19-sentabr-4-oktabr kunlari Yaponiyaning Aichi-Nagoya shaharlarida XX yozgi Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Osiyoning 45 ta mamlakat milliy terma jamoalari ishtirokida o‘tadigan XX yozgi Osiyo o‘yinlarining voleybol musobaqalarida erkaklar hamda sohil voleyboli bo‘yicha erkaklar va ayollar jamoalari vatanimiz sharafini himoya qiladi.
Qit’a o‘yinlariga tashlangan qur’a natijalariga ko‘ra, voleybol musobaqalarida qatnashadigan O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi “A” guruhida Yaponiya, Pokiston va Qozog‘iston jamoalari bilan bahs olib boradi.
Sohil voleyboli bo‘yicha Osiyo o‘yinlari doirasidagi musobaqalarning taqvim rejasi yaqin kunlarda tasdiqlanishi kutilmoqda.

Sport vazirligi, O‘zbekiston voleybol federatsiyasi mutasaddilari, mutaxassislari voleybol hamda sohil voleyboli bo‘yicha terma jamoa a’zolari, murabbiylar bilan Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlikka bag‘ishlangan yig‘ilishda “kichik olimpiada”ga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rish, yuqori kayfiyat va kuchli ruhiy holatda maydonga chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
O‘zbekiston voleybol federatsiyasi raisi o‘rinbosari Jamshid Fayziyev Osiyo o‘yinlarining ahamiyati, unda munosib ishtirok etishning muhim jihatlari haqida so‘z yuritib, davlatimiz tomonidan yaratib berilgan shart-sharoitlarga, e’tiborga javoban har bir sportchi, murabbiyning oldida Vatan sharafini munosib himoya qilishdek mas’uliyatli vazifa turganini ta’kidladi.
Muhokamalar davomida o‘yinlar jarayonida antidoping talablariga rioya etish, sportchilarning odob-axloqi, jamoada sog‘lom muhit va sport etikasiga amal qilishi, kuchli ruhiy quvvatga ega bo‘lgan holda professional harakatlarni amalga oshirishi kabi jihatlar haqida fikr-mulohazalar, zarur tavsiyalar berildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA