“Voice Up – 2026”: yoshlar bir maqsad atrofida birlashdi (+video)
Navoiy viloyatida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda inklyuziv muhitni kengaytirishga qaratilgan “Voice Up – 2026” inklyuziv yoshlar oromgohining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab loyiha ishtirokchilari Navoiy shahridagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida bo‘lib, aholiga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar bilan yaqindan tanishdi hamda ushbu yo‘nalishda tashkil etilgan seminarda ishtirok etdi.
“Voice Up – 2026” oromgohi Qiziltepa tumanidagi Xalqaro shaxmat maktabi bazasida tashkil etildi. Uch kunlik dastur doirasida ishtirokchilar uchun motivatsion treninglar, faol seminarlar va jamoada ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Treninglar davomida yoshlar o‘z fikrlarini erkin bayon etish, yetakchilik qobiliyatlarini rivojlantirish va ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha muhim bilim va tajribaga ega bo‘ldi. Shuningdek, turli intellektual va jamoaviy o‘yinlar orqali ishtirokchilar o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhiti yanada mustahkamlandi.
[gallery-28522]
– Biz ko‘rib turgan maydon aslida bugungi kunning ham imkoniyati, ham chaqiruvidir. Chunki bu yerda yangi avlod, yangi O‘zbekiston farzandlarining o‘ziga xos yondashuvini ko‘rish mumkin, – deydi O‘zbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi rahbari Shirin Obidova. – Bu yerda nafaqat o‘zlari, balki atrofidagi insonlar va jamiyat uchun xizmat qilishga tayyor tashabbuskor yoshlarni ko‘ryapmiz. Biz nogironligi bor yoki yo‘qligidan, yoshidan qat’i nazar, muammolarni birgalikda hal etishga hissa qo‘shayotgan yoshlarni ko‘rib turibmiz. Saralash jarayonidan minglab yoshlar o‘tib, o‘z loyihalarini himoya qildi. Ekspert va mentorlar ko‘magida loyihalar takomillashtirilib, ularni amalga oshirishga qadam tashlanmoqda.
“Voice Up – 2026” oromgohining eng muhim va hayajonli bosqichi loyihalar taqdimoti jarayoni bo‘ldi. Unda ishtirokchilar o‘z g‘oyalari, tashabbuslari va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarini keng jamoatchilik hamda hakamlar hay’atiga taqdim etdi. Yoshlar tomonidan ilgari surilgan loyihalar inklyuziv jamiyatni shakllantirish, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun teng imkoniyatlar yaratish hamda jamiyatda o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi.
– Mening loyiham “Najot innovatsion reabilitatsiya aravachasi” deb nomlanadi, – deydi tadbir ishtirokchilaridan biri Aziza Amonova. – Loyihaning maqsadi reabilitatsiya jarayonini samarali tashkil etishdir. Ushbu aravacha harakati cheklangan bemorlarga insult va umurtqa bilan bog‘liq kasalliklardan keyin tiklanishida yordam beradi. Kelgusida unga elektrodlar o‘rnatish orqali mushaklarni stimulyatsiya qilish imkoniyati ham yaratiladi. Ayni paytda mazkur loyiha juda yaxshi tashkil etilgan. Ellik nafardan ziyod yoshlar o‘zaro fikr va tajriba almashmoqda. Men taqdimot jarayonida ishtirok etdim va hakamlarning iliq fikrlarini eshitdim. Ular qo‘shimcha g‘oyalar berib, loyihamni ma’qullashdi.
Eng muhimi, mazkur loyiha turli imkoniyatlarga ega yoshlarni bir maqsad atrofida birlashtirib, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish va jamiyat hayotida faol ishtirokini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/z-zMOYOCorU" title="“Voice Up – 2026”: yoshlar bir maqsad atrofida birlashdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A. Bo‘riyev. S. Aslonov (surat, video), O‘zA muxbirlari