Viloyat hokimi – fuqarolar huzurida
Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov Urganch tumaniga bo‘lib, navbatdagi sayyor qabulini o‘tkazdi.
Qabulda nafaqat tuman aholisi, balki viloyatning turli hududlaridan kelgan 145 nafar fuqaroning sog‘liqni saqlash, ishga joylashish, uy-joy, moddiy yordam, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish kabi qator ijtimoiy-maishiy masalalar yuzasidan talab va takliflari, ariza va shikoyatlari o‘rganildi.

– Turmush o‘rtog‘imning sog‘ligida jiddiy muammo bor, – deydi murojaatchi Sevara Bobojonova. – Shu sababdan unga yolg‘iz qarovchi menman hamda ishsizman. O‘g‘limning ham eshitish bilan bog‘liq dardi bor. Uning qulog‘idagi implant eshitish moslamasi ham ishlamay qoldi. Viloyat hokimi o‘g‘limni eshitish moslamasi bilan ta’minlashga va oilamizga moddiy yordam ko‘rsatishga topshiriq berdi. O‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

Viloyatning birinchi rahbari har bir fuqaroning, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning muammolarini tezkor, xolis va adolatli hal etish bo‘yicha tegishli mas’ullarga aniq ko‘rsatmalarni berdi.
– Oilamiz ijtimoiy reyestrga kiritilgan, – deydi Nasiba Abdullayeva. – Viloyat hokimi bilan oldin ham uchrashib, muammolarimga yechim topganman. Uyimiz tomini yopib, bemor erimni davolatishga yordam bergan. Bugun qizimning ko‘z jarrohlik amaliyotiga yordam so‘rab keldim. Dardimni tinglab, barcha xarajatlarni qoplab berishini bildirdi.

Murojaatlarning bir qismi joyida hal qilindi. Yechimi ma’lum vaqt va o‘rganishni talab qiladigan murojaatlar bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga topshiriqlar berilib, ijrosi qat’iy nazoratga olindi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri