Kursantlar Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishga qasamyod qildi
Ichki ishlar vazirligi (IIV) akademiyasiga joriy yilda o‘qishga qabul qilingan kursantlarning qasamyod qabul qilish marosimi o‘tkazildi.
Tantanali tadbirning ochilishida Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpo‘latov mamlakatimizda yoshlarga yaratilgan keng imkoniyatlardan samarali foydalanish, bilim olish, huquqni muhofaza qilish va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasini mukammal o‘rganish zarurligini ta’kidladi.
Akademiyaning kunduzgi ta’lim bakalavriatida qabul kvotasi 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab 700 tadan 900 taga oshirilgani, joriy yilda esa 1,1 mingtaga yetkazilgani qayd etildi. Kadrlar tayyorlash sifatini yanada oshirish va raqamli ta’lim muhitini yaratish maqsadida Akademiya infratuzilmasi tubdan modernizatsiya qilinib, eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan yangi innovatsion bino va inshootlar barpo etilmoqda.

Yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish maqsadida Iqtidorli kursantlar kengashi tashkil etilib, bilimli, tashabbuskor va fidoyi kursantlar uchun “Jaloliddin Manguberdi” nomidagi stipendiya, “Akademiya a’lochisi”, “Iqtidorli kursant” ko‘krak nishonlari hamda “Cho‘lpon” ko‘krak nishoni va stipendiyasi ta’sis etilgan.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 26-avgustdagi “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlash tizimini transformasiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Akademiyada ta’lim jarayoni kredit-modul tizimi asosida tashkil etilgan. Kursantlar birinchi kursdan boshlab IIV sohaviy xizmatlari va hududiy bo‘linmalariga biriktiriladi. Kursantlarga o‘qishni yakunlagunga qadar “katta serjant” maxsus unvoni beriladi.
Ko‘rsatkichlarini real vaqt rejimida jamlab borish maqsadida yaxlit raqamli portfolio yaratilib, kadrlarning xizmat faoliyatidagi o‘sish salohiyatini prognoz qilish va ularga “istiqbolli karera” modeli bo‘yicha tavsiyalar berish amaliyoti joriy etiladi.


Yangi qaror asosida ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning yagona, uzluksiz va zamonaviy tizimi yo‘lga qo‘yilib, ta’lim sifati va samaradorligi mutlaqo yangi bosqichga chiqmoqda.
Tadbirda har bir kursant vazirlik rahbariyati, nufuzli mehmonlar, shaxsiy tarkib va ota-onalar oldida Vatanga, xalqqa va Prezidentga sadoqat bilan xizmat qilishga qasamyod qildi.
Tadbirda bir guruh yuqori bosqich kursantlariga stipendiya guvohnomalari ham topshirildi.


Tadbirda so‘z olganlar ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash uchun so‘ngi yillarda yo‘lga qo‘yilgan o‘ziga xos tizim, ota-onalarning farzandlaridan kutayotgan yuksak natijalari haqida to‘xtalib, yoshlarga yana bir bor ishonch bildirdi.
N.Abduraimova, O‘zA