Vengriya — turkiy dunyo fotorassomlari nigohida
FOTOREPORTAJ
Turkiy davlatlar o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlash, xalqlarning mushtarak tarixiy va madaniy ildizlarini keng targ‘ib etish maqsadida Turkiy madaniyat xalqaro tashkiloti — TURKSOYning 20 yilligi munosabati bilan joriy yilning 12–22-avgust kunlari Vengriyada Qurultoy va qator madaniy tadbirlar o‘tkazildi.
Tadbirlar doirasida «20-TURKSOY fotorassomlar uchrashuvi» ham tashkil etildi. Xalqaro ijodiy loyihada yetti davlatdan 13 nafar professional fotorassom ishtirok etdi.
Fototur qatnashchilari Vengriyaning turli hududlariga safar qilib, mamlakatning boy tarixi va madaniy merosi, milliy urf-odat va an’analari, zamonaviy hayoti hamda betakror tabiati bilan yaqindan tanishdi. Ishtirokchilar safar davomida o‘zlarida uyg‘otgan taassurot va kechinmalarni fotoob’ektiv orqali muhrlab, Vengriyaning o‘ziga xos qiyofasini turli ijodiy nigohlarda aks ettirdi.
[gallery-31029]
Uchrashuv doirasidagi muhim tadbirlardan biri Vengriyada o‘tkazilgan Buyuk hun-turk Qurultoyi bo‘ldi. Fotorassomlar mazkur tadbir jarayonidagi otliq o‘yinlar, milliy liboslar, urf-odat va marosimlar, madaniy chiqishlar, shuningdek, turkiy xalqlarga xos an’ana va qadriyatlarni tasvirga oldi. Shu tariqa Qurultoyning o‘ziga xos muhiti, milliy ruhi va ko‘tarinki kayfiyati fotosuratlarda o‘z ifodasini topdi.
Xalqaro ijodiy loyihada O‘zbekiston nomidan taniqli fotorassom, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi Rustam Sharipov ham ishtirok etdi. U Vengriyaning tarixiy qadamjolari, me’moriy obidalari, milliy madaniyati, urf-odatlari va tabiatini o‘z ijodiy nigohida aks ettirdi.
Fotorassomning mazkur xalqaro loyihadagi ishtiroki O‘zbekiston fotosan’ati vakillari uchun ijodiy tajriba almashish, xorijiy hamkasblar bilan yangi aloqalar o‘rnatish va mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy muloqotni san’at orqali boyitish uchun muhim imkoniyat bo‘ldi.
Fototur yakuniga ko‘ra ishtirokchilar tomonidan suratga olingan eng sara fotosuratlardan iborat ko‘rgazma tashkil etildi. Ekspozitsiyadan Vengriyaning tarixiy obidalari va diqqatga sazovor maskanlari, tabiat manzaralari, milliy qadriyatlari, urf-odatlari hamda xalqning kundalik hayotini aks ettirgan fotoasarlar o‘rin oldi.
Mazkur xalqaro ijodiy loyiha turkiy xalqlarning mushtarak tarix va madaniy qadriyatlarini yanada keng namoyon etish, fotorassomlar o‘rtasida ijodiy muloqot va tajriba almashinuvini kuchaytirish, shuningdek, madaniy merosni zamonaviy san’at vositalari orqali targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etdi.
O‘zA suratlari