Velosportchilarimizning Osiyo chempionatidagi medallari soni 2 taga yetdi
20 dan ziyod davlatning eng mahoratli velosportchilari ishtirokida Filippinda o‘tayotgan velotrek bo‘yicha Osiyo chempionatining ortda qolgan bahslarida terma jamoamiz a’zolari navbatdagi medalni qo‘lga kiritdi.
Chempionatning erkaklar o‘rtasida o‘tkazilgan “Elimination” dasturi poyga bahslarida terma jamoamiz a’zosi Nikita Svetkov bronza medaliga ega chiqdi.
Mazkur yo‘nalishda oltin medal yaponiyalik Yeiya Yashimotoga, kumush medal esa Xitoy vakili Jundiye Vuga tegishli bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, qit’a chempionatining ilk kunida jamoaviy poygalar dasturida O‘zbekiston qizlar terma jamoasi a’zolari 3-o‘rinni egallagan edi. Hozirda velosportchilarimizning Osiyo birinchiligidagi medallari soni 2 taga yetdi.
Musobaqalar 31-martga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA