Para taekvondochilarimiz Turkiyada muvaffaqiyatga erishdi
Turkiyaning Antaliya shahrida para taekvondo bo‘yicha o‘tkazilgan "Turkish Open" xalqaro musobaqasida 8 ta medal qo‘lga kiritildi.
Dunyoning 27 ta mamlakatidan 180 nafardan ziyod matonatli para taekvondochilar ishtirok etgan murosasiz bahslarda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 3 ta oltin, 1 ta kumush va 4 ta bronza medaliga ega chiqdi.
Shiddatli kechgan bellashuvlarda para taekvondochilarimizdan Qizlarxon Isomiddinova, Guljanoy Naimova, Qudratillo Sunnatov oltin, Kamola Rasulova kumush, Zuhriddin Tohirov, Javohir Aliqulov, Otabek Amatov, Asad Toshtemirov bronza medallariga egalik qildi.
Ahamiyatlisi, mazkur natija orqali hamyurtlarimiz Rossiya Federatsiyasi va Turkiya terma jamoalarini ortda qoldirgan holda Turkiya ochiq chempionatida umumjamoa hisobida birinchi o‘rin sohibi bo‘ldi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA