Vazir va yoshlar uchrashuvi
Mamlakatimizda yo‘lga qo‘yilgan rahbar va yoshlar muloqoti ta’limning barcha bosqichlarida tizimli ravishda amalga oshirib kelinmoqda.
Yoshlar bilan o‘tkazilayotgan an’anaviy muloqot tadbirlari bugun poytaxtimizdagi 64-umumta’lim maktabida tashkil etildi.

Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova o‘quvchilar bilan muloqot qildi.
Toshkent shahridagi turli umumta’lim maktablari hamda Prezident va ijod maktablari o‘quvchi-yoshlari ishtirokida tashkil etilgan “Vazir va yoshlar” uchrashuvi qizg‘in muhokamalarga boy o‘tdi.

Uchrashuvda o‘quvchilar tomonidan bildirilgan takliflar esa ishtirokchilar quvonchiga sabab bo‘ldi. Negaki, ular kitobxonlik madaniyatini yanada rivojlantirish hamda avtobus bekatlarida ko‘cha kutubxonalari jamlanmasini yaratish, o‘quvchilar o‘rtasida ham “Milliy qadriyatlar” tanlovini doimiy o‘tkazish, poytaxtimizdagi mavjud o‘quv markazlari bazasini shakllantirish bo‘yicha yoshlar loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, o‘quvchilar o‘rtasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish maqsadida turli tanlov va loyihalar sonini oshirib borish kabi qator taklif va mulohazalarni ilgari surdi.
Vazir mazkur takliflarni har tomonlama o‘rganish va amaliyotga joriy etish maqsadida tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha mas’ullarga zarur topshiriqlar berdi.
Sherbek Islomov, O‘zA