Vazir sovrini uchun kitobxonlik tanloviga start berildi
Yosh avlodning kitobga mehrini oshirish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish va kitobxonlikni hayot tarziga aylantirishga qaratilgan tashabbuslar mamlakatimizda izchil davom etmoqda.
Bu borada Prezident tashabbusi bilan boshlangan Milliy kitobxonlik harakati doirasida o‘quvchilar o‘rtasida yangi tanlov yo‘lga qo‘yildi.
Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi 91-maktabda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri sovrini uchun kitobxonlik tanloviga tantanali start berildi.

Tadbirda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Farhod Boqiyev, soha mas’ullari hamda o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur tanlov joriy yil avgust oyida Toshkent shahridagi Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan hamda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 7–10-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladi.

Tanlov ikki yosh toifasi — 7–8-sinf va 9–10-sinf o‘quvchilari o‘rtasida tashkil etiladi. Ishtirokchilar insho yozish hamda “Men o‘qigan kitob” mavzusida taqdimot qilish shartlari bo‘yicha o‘z bilim va ijodiy salohiyatlarini namoyon etadi.
Har ikki yosh toifasidan jami 10 nafar g‘olib — 7–8-sinfdan 5 nafar va 9–10-sinfdan 5 nafar o‘quvchi xorijiy davlatga ta’lim sayohati yo‘llanmasi bilan taqdirlanadi.

Shuningdek, tanlov ishtirokchilari orasidan hududlar kesimida Milliy kitobxonlik harakati targ‘ibotchilari klublari tashkil etilib, ular orqali turli ma’naviy-ma’rifiy loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Mazkur tanlov yoshlarni mutolaaga keng jalb qilish, ularning ijodiy va tahliliy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish hamda mamlakatimizda kitobxon avlodni tarbiyalashga xizmat qiladigan muhim loyihalardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA