Quvondiq Sanaqulov Rossiya Muhandislik akademiyasining xorijiy a’zosi etib saylandi
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Boshqaruvi raisi – Bosh direktori, texnika fanlari doktori, professor Quvondiq Sanaqulov Rossiya Muhandislik akademiyasining xorijiy a’zosi (akademigi) etib saylandi.
Rossiya Muhandislik akademiyasi muhandislik fanlarini rivojlantirish, innovatsion texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, muhandislik ta’limini takomillashtirish, sanoatni modernizatsiya qilish hamda yuqori texnologiyali iqtisodiyotni shakllantirish hamda ana shu yo‘nalishlarda xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha faoliyat olib boradi.
Rossiya Muhandislik akademiyasiga a’zolik (akademiklik) eng yuqori ilmiy-muhandislik e’tiroflaridan hisoblanadi. Akademiyaga muhandislik sohasida ulkan ilmiy va amaliy natijalarga erishgan, yangi texnologiyalar yaratgan, ishlab chiqarishga yuqori samarali innovatsiyalarni joriy etgan, mamlakat sanoati va muhandislik fanlari rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan insonlar saylanadi. Akademik unvoni muhandislik sohasidagi ulkan xizmatlari, ilmiy maktab yaratish, muhim texnologik yechimlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish hamda sanoat tarmoqlarini rivojlantirishdagi katta shaxsiy hissasi uchun beriladi.
Xorijiy davlatlar olimlari uchun esa xorijiy a’zo (akademik) maqomi joriy etilgan. Bu unvon jahon ilm-fani, muhandislik, ta’lim va innovatsion texnologiyalar rivoji va xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan muhandis-olimlarga beriladi.

Quvondiq Sanaqulov Rossiya Muhandislik akademiyasining xorijiy a’zosi (akademigi) etib saylanishi nafaqat olimning ko‘p yillik samarali ilmiy va muhandislik faoliyatiga berilgan yuksak baho, balki O‘zbekiston muhandislik maktabi, Navoiy kon-metallurgiya kombinatida shakllangan ilmiy salohiyat va boy tajribaning xalqaro miqyosda e’tirof etilganining yorqin namunasidir.
Taniqli olim Quvondiq Sanaqulov Tabiat va jamiyat fanlari xalqaro akademiyasi, Yevrosiyo konchilik fanlari akademiyasi, Turon fanlar akademiyasi akademigi, shuningdek, Avstriyaning Vena universiteti hamda Rossiyaning Ural federal universiteti faxriy professori unvonlariga ham ega.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri