“Vazir kubogi”: viloyat bosqichi g‘oliblari taqdirlandi
Andijonda umumta’lim maktablarining pedagog va xodimlaridan tuzilgan jamoalar o‘rtasida voleybol bo‘yicha “Vazir kubogi” musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Yurtdoshlarimizni ommaviy sport turlariga jalb etish, muntazam sport bilan shug‘ullanishlarini yo‘lga qo‘yish, shu orqali xalqimiz salomatligini yaxshilash maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Vazir kubogi” voleybol musobaqasi Andijon viloyat bosqichining ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Gulhayo Omonova va boshqalar musobaqaning ahamiyati, pedagog va xodimlarning jismoniy faolligini oshirish va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishdagi o‘rni va roli haqida so‘z yuritdi, ishtirokchilarga omad tiladi.

– “Vazir kubogi” musobaqasining tuman, shahar bosqichlari yuqori saviyada o‘tkazildi, – deydi Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi sho‘’ba boshlig‘i Eldorbek Madaminov. – Quyi bosqich musobaqalarida viloyatdagi 952 ta maktab jamoasi tarkibida 7 ming 600 nafardan ziyod pedagog va xodimlar faol ishtirok etdi.
Buloqboshi tumanidagi Bolalar va o‘smirlar sport maktabida tashkil etilgan musobaqada tuman, shahar bosqichlarida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan 16 jamoa ishtirok etib, g‘oliblik uchun bahs olib bordi.

Qiziqarli bahslarda o‘tgan o‘yinlarning yakuniy natijalarga ko‘ra, Baliqchi tumanidagi 18-umumta’lim maktabi jamoasi 1-o‘ringa sazovor bo‘lib, musobaqaning mamlakat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Musobaqada 2-o‘rin Andijon shahrining 18-umumta’lim maktabi, 3-o‘rin esa Asaka tumanidagi 22-umumta’lim maktabi jamoalariga nasib etdi.
Musobaqaning g‘olib va sovrindor jamoalari kubok, tegishli medallar, diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),O‘zA muxbirlari.