Musobaqa g‘oliblari aniqlandi
Nukusda voleybol bo‘yicha ayol o‘qituvchilar o‘rtasida “Vazir kubogi” musobaqasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan musobaqaning asosiy maqsadi pedagog xodimlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy faollikni oshirish va jamoaviy muhitni mustahkamlashdan iboratdir. Shuningdek, voleybol sport turini ommalashtirish, ta’lim muassasalari xodimlari orasida sport musobaqalarini rivojlantirish, qobiliyatli va faol sportchi pedagoglarni aniqlash, shahar, tuman va keyingi bosqichlar uchun kuchli jamoalarni tanlash, xotin-qizlar sportini qo‘llab-quvvatlash va sog‘lom raqobat muhitini yaratish hisoblanadi.
[gallery-29403]
Qizg‘in bellashuvlarga boy bo‘lgan musobaqada g‘oliblar aniqlandi. Unda birinchi o‘rinni Taxtako‘pir tumani 13-umumiy o‘rta ta’lim maktabi, ikkinchi o‘rinni Nukus shahridagi 32-umumiy o‘rta ta’lim maktabi, uchinchi o‘rinni Beruniy tumani 49-umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoalari egalladi.
Birinchi o‘rinni egallagan Taxtako‘pir tumani 13-umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi final bosqichiga yo‘llanma oldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.