Vatan uchun xizmat – eng oliy baxt
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Qashqadaryo viloyatidagi jazoni ijro etish muassasalarining birida “Vatan uchun xizmat – eng oliy baxt” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbir doirasida muassasa rahbarlari va yoshlar uchrashuvi o‘tkazilib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, Vatanga sadoqat va fidoyilik tuyg‘ularining ahamiyati haqida fikr almashildi.

Uchrashuvda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning bilim va dunyoqarashini yuksaltirish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini hamda “Yosh kitobxon” tanlovi tashkil etilib, ishtirokchilarning bilim va tafakkuri sinovdan o‘tkazildi. G‘olib va faol ishtirokchilar munosib rag‘batlantirildi.

Tashrif davomida jazoni ijro etish muassasasida mahkumlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan ham tanishildi. Xususan, ularning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun yaratilgan imkoniyatlar ko‘zdan kechirildi.

Bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar mahkumlarning jamiyatga moslashuvini qo‘llab-quvvatlash, ularda bilim va kasb-hunarga qiziqishni oshirish hamda kelgusida hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri