Vatan ko‘ngildadir, ko‘ngil vatanda
Farg‘ona viloyatining chegaraoldi hududi – Farg‘ona va Beshariq tumanida “Vatan ostonasi” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Vatan – ajdodlarimiz kindik qoni to‘kilgan muqaddas dargoh. Vatan, bu – xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagi, muqaddas qadriyat hisoblanadi. Xo‘sh, bu muqaddas tuyg‘u nimadan kuch oladi, Vatan qayerdan boshlanadi?

Bu yorug‘ olamga keliboq tamshangancha ona mehriga intilgan go‘dak “inga”sidanmi? Onalarning tunlari beshik quchoqlagancha ko‘zlaridan uyquni quvib aytgan “Alla” ohanglaridan boshlanadimi Vatan tuyg‘usi? Ona zamin taftini his etib, “tetapoya” qilib tashlangan omonatgina qadamlardan quvvat oladimi bu tuyg‘u? Birinchi qor parchalarini ko‘rgan kunimiz, ilk muhabbat, birinchi o‘qituvchi, dastlab duo olgan kunimizdan boshlangandir balki Vatan tuyg‘usi?!

Nima bo‘lganda ham, ona vatanni sevish, uning har qarichini ardoqlash, sevib yashash insoniyat tarixidagi eng nozik va hayotbaxsh his-tuyg‘udir. Xuddi ona kabi Vatanning ham yaxshi-yomoni, xunuk-chiroylisi bo‘lmaydi. Qanday bo‘lsa shundayligicha sevish, uning dardiga darmon bo‘lish, yurt ravnaqi uchun imkon qadar hissa qo‘sha olish, yurtdoshlarga mehru muhabbat – chin insonlik martabasidir. Vatanparvarlik, yurtga sadoqat, xalq xizmatiga kamarbastalik esa kishi ma’naviyatidan darak beradi. Shu fazilatlar insonni yuksaltiradi, hurmat-e’tiborga sazovor qiladi.

Farg‘ona tumanidagi “Gulpiyon” mahalla fuqarolar yig‘inida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari hamkorligida “Vatan ostonasi” shiori ostida tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda yuqorida ta’kidlangan fikrlar yuraklarga ko‘chdi. Viloyatning chegaraoldi hududlaridan biri hisoblangan mazkur mahalla ahli, ayniqsa, yoshlar qalbida jo‘sh urgan tuyg‘ular o‘ziga xos. Axir, O‘zbekiston deb atalmish jannatmakon yurt sarhadlari shu mahallada yaqqolroq ayon bo‘ladi – chaqirsa ovoz yetgulik masofada qo‘shni davlat joylashgan.

Hamkor tashkilotlar vakillari, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari, teatr aktyorlari, shoir va yozuvchilar, olimlar va san’atkorlar bilan uchrashuv davomida ta’kidlanganidek, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar nafasi Gulpiyonda ufurib turibdi. Ilgari “chekka hudud” hisoblangan, faqat paxta va g‘alla yetishtirilgan qishloqda keyingi yillarda misli ko‘rilmagan bunyodkorlik, yangilanishlar yuz ko‘rsatdi. Jumladan, bu yerda “Bahodir log‘on tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etilib, minglab odamlar ish bilan ta’minlandi. Shu nomdagi paxta-to‘qimachilik klasteri, klasterga qarashli to‘qimachilik korxonasiga birinchi navbatda mahalliy yoshlar ishga qabul qilindi. Ayni kunda korxona yiliga 10 ming tonna mahsulot tayyorlash quvvatiga ega. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar esa xorij davlatlariga peshma-pesh eksport qilinmoqda. O‘z-o‘zidan ishchilarning moddiy manfaatdorligi ham yil sayin ortib bormoqda.

“Vodiy Shoes” korxonasi ham hudud rivojiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Umumiy qiymati 16 million dollardan ziyod bo‘lgan mazkur korxonada hozir 2 mingdan ziyod ish o‘rni yaratilgan. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar xorijnikidan ortiq bo‘lsa ortiqki, aslo kam emas.

– O‘zbekistonda tug‘ilganimdan hamisha faxrlanaman. Axir, inson qadri ulug‘lanadigan yurtda yashashning o‘zi katta baxt emasmi?! Davlatimiz rahbari, hukumatimiz xalq dardida tinimsiz izlanishda, ishsizlik muammosi yil sayin barham topyapti. Yoshlarning ta’lim olishi, zamonaviy kasb-hunarni egallashi uchun shart-sharoitlar kengaymoqda, – deydi gulpiyonlik Shoiraxon Mahmudova. – Qirg‘izistonga chegaradosh qishlog‘imizda 3,5 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi, aksariyati yoshlar. Mahallamizga Prezidentimizning ham qadami yetdi. Yurtimiz rivojiga kamtarona hissa qo‘shayotganimizdan mamnunmiz.
– Bugungidek ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar odamlar ko‘nglidagi ish bo‘lyapti. Tinchlik bo‘lgan joyda bayramlar bo‘ladi. Ayniqsa, chegarachilarimiz tunu kun vatan himoyasida. Mahallamizga kelgan taniqli san’atkorlar, aktyorlar, notiqlar bilan dildan suhbatlashdik, orzu-niyatlarimiz bilan o‘rtoqlashdik. Kuy-qo‘shiqlar tinglab, raqslarga tushdik. Axir, obod yurtga bayramlar yarashadi-da, – deydi Ilhomjon Adhamov. – Inson hayotda nima ezgu ish qilmasin, yurti, xalqi uchun nafi tegsa, bundan ulug‘ ish yo‘q menimcha.Farovonligimizga, tinchligimizga ko‘z tegmasin.

Uchrashuvlar, dildan suhbatlar chog‘ida shu kabi izhorlar aytildi Gulpiyonda. Yuraklar tubidan, zarra yolg‘on aralashmagan holda tillarda yangradi yurt madhi. Istiqlolga shukronalik, yurt taraqqiyotiga daxldorlik, ma’naviy barkamollik, bir so‘z bilan aytganda, Vatan tuyg‘usi jo‘sh urgan nigohlar e’tiborni tortdi tadbirlarda. “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir” degan ezgu tamoyil o‘z natijasini berayotganligi e’tirof etildi.
“Vatan ostonasi” shiori ostidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir Farg‘ona tumanida joylashgan chegara qo‘riqlash vzvodida ham davom etdi. Bu yerda chegarachilar va ularning oila a’zolari bilan dildan suhbat qurildi. Harbiylarga kitoblar sovg‘a qilindi. Yurt tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi yo‘lida o‘z oromidan kechib, tunu kun sergaklikni yo‘qotmayotgan askarlar sha’niga she’rlar aytildi. Ona Vatanni himoya qilishdek sharafli ishga bel bog‘lagan harbiylar va ularning turmush o‘rtoqlariga minnatdorlik bildirildi. Vzvoddagi tikuvchilik sexi, bolalar bog‘chasi faoliyati bilan tanishildi.
Ana shunday shukuhli tadbirlar Beshariq tumanida ham davom etdi. Nuroniylar shunday dorilamon kunlar uchun shukronalik bildirdi. Targ‘ibot guruhining aholi va chegarachilar bilan samimiy muloqoti barchaga manzur bo‘ldi.
M.Sulaymonov,
O‘zA muxbiri