Farg‘onalik yoshlar nufuzli universitetlar sari intilmoqda
Farg‘ona viloyatida iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishiga ko‘maklashish hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi imkoniyatlarini keng targ‘ib etishga qaratilgan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Viloyat axborot-kutubxona markazida tashkil etilgan tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Sherzod Polvonov, Boshqaruv samaradorligi agentligining viloyat filiali rahbari Ahad Akbarov hamda jamg‘arma vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda oliy ta’lim muassasalari talabalari, texnikum o‘quvchilari, maktab bitiruvchilari va xorijda tahsil olish istagidagi yoshlarga jamg‘armaning stipendiya dasturlari, tanlov shartlari, yetakchi xorijiy universitetlarda ta’lim olish imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, Farg‘ona shahridagi Prezident maktabi o‘quvchilari bilan ham ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda iqtidorli yoshlarning xalqaro ta’lim dasturlarida ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlash, xorijda egallangan bilim va tajribani yurtimiz taraqqiyotiga yo‘naltirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
[gallery-31950]
Bunday uchrashuvlar yoshlarning xalqaro ta’lim imkoniyatlari haqidagi tasavvurlarini kengaytirish, ularni o‘z oldiga aniq maqsadlar qo‘yishga undash hamda kelgusida malakali mutaxassis bo‘lib yetishishiga xizmat qiladi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA