Uzumchilik sohasini rivojlantirish koni foyda (+video)
Har bir davlatning tashrif qog‘ozi bo‘ladi. Qaysidir mamlakatda qadimiy obidalar, qaysilarida agroturizm, qishloq xo‘jaligi yoki tansiq taomlari. Xullas ana shu kabi omillardan biri bo‘lsa bas, u mamlakatda turizm drayver tarmoqqa aylanishi mumkin. Xo‘sh, bizdachi? Bizda zamonaviy turizmga mos keladigan barcha imkoniyatlar mavjud.
Masalan, agroturizm imkoniyatlari ko‘pgina hududlarimizda yuqori. O‘zbekistonning quyoshli o‘lkasida yetishtirilgan sarxil meva-sabzavotlarning noyob mazasi, sofligini, biotexnologiyalar asosida parvarish qilinishini xorijliklarning ko‘pchiligi biladi.
Uzumchilik. Yurtimizda qishloq xo‘jaligining ushbu serdaromad sohasining imkoniyatlari ham keng. Barcha viloyatlarimizda uzumzorlar mavjud. Respublika bo‘yicha o‘rtacha 137 ming gektar uzumzorlarimiz bor va ularning aksariyat qismi xo‘raki hisoblanadi. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining “2023 — 2026-yillarda uzumchilik va vinochilik sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroridan so‘ng sohaga e’tibor yanada kuchaydi. Endilikda ushbu serdaromad tarmoqni ilmiy jihatdan rivojlantirish bosqichiga o‘tildi.
Jumladan, 2025-yilda akademik Mahmud Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutida Jahon banki ko‘magida vinochilik ilmiy-ishlab chiqarish laboratoriyasi tashkil etildi. Qisqa vaqt ichida muassasa soha uchun ko‘plab ilmiy-tadqiqotlar ishlab chiqdi va ilm bilan amaliyot o‘rtasida uzviy hamkorlik yanada kuchaydi.
Institutda ilmiy izlanishlar uzum yetishtirishdan boshlab, tayyor mahsulotni shishalarga quyishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni qamrab olib, ichimlikning kimyoviy tarkibi va mikrobiologik barqarorligini chuqur o‘rganishga qaratilgan. Uzumchilik sohasini rivojlantirish maqsadida qilingan yangi ishlanmalar xususida institutning katta ilmiy xodimi Shuhrat Ahmedov bilan suhbatlashdik.
- Uzumni qayta ishlash bilan bog‘liq institut olimlari tomonidan qanday ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda?
- Institutda oq va qizil vinolarni ishlab chiqarish texnologiyalari chuqur o‘rganilmoqda. Xususan, oq vinolarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri fermentatsiya qilish orqali olish, qizil vinolarni esa mezga bilan birgalikda achitish (matseratsiya) jarayonini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy ishlar olib borilmoqda. Bu jarayonlar ichimlikning rangi, ta’mi va organoleptik xususiyatlarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Achitish jarayoni institut laboratoriyalarida alohida ilmiy yo‘nalish sifatida tadqiq etilmoqda. “Saccharomyces” turkumiga mansub achitqilar faoliyatini boshqarish, fermentatsiya jarayonida harorat rejimini optimallashtirish hamda xushbo‘y moddalarni saqlab qolish bo‘yicha ilg‘or usullar ishlab chiqilmoqda. Fermentatsiyadan keyingi bosqichlarda esa mahsulotni tindirish, cho‘kmalardan ajratish va filtratsiya qilish orqali yuqori darajadagi shaffoflikka erishish ta’minlanadi.
Shu bilan birga, vinoning pishib yetilishi va saqlanishi jarayonlari ham institutda ilmiy asosda o‘rganilmoqda. Eman bochkalarda saqlash, shisha idishlarda yetiltirish kabi usullarning mahsulot sifatiga ta’siri tahlil qilib, optimal texnologiyalar taklif etilyapti. Bugungi kunda institutda sovuq holda sterillash, vakuum ostida konsentrlash va zamonaviy mikrobiologik nazorat usullari kabi innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali barqaror va yuqori sifatli vino mahsulotlari yaratishga erishilmoqda. (davomi videoda)
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/xvtz5e2r-BQ?si=LPNGm5AqqXeS1X4S" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov, Salim Obidjonov (video), O‘zA