Nobel mukofoti sohibi O‘zbekistonda (+video)
O‘zbekiston Milliy universitetida Nobel mukofoti sohibi Serj Arosh bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Aytish kerakki, fizik olimning fundamental fanlar sohasidagi izlanishlari va insoniyat sivilizatsiyasi uchun qo‘shgan hissasi juda ulkan.
Tadbirda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi. Mazkur uchrashuv yurtimiz yosh olimlari va talabalari uchun jahon miqyosidagi ilmiy tajriba bilan bevosita tanishish imkonini berdi.
Uchrashuv formati akademik ma’ruzalardan farqli ravishda, erkin va jonli muloqot shaklida tashkil etildi. Professor Serj Arosh o‘z chiqishida diqqat e’tiborini nafaqat ilmiy nazariyalarga, balki shaxsiy hayotiy tajribasi, muvaffaqiyatga olib borgan zahmatli yo‘li va ilm-fanga bo‘lgan zamonaviy qarashlariga qaratdi.
- Serj Arosh O‘zbekiston Milliy universitetiga tashrifi davomida fizika yo‘nalishi bo‘yicha barcha yosh olimlar, talabalar hamda professor, o‘qituvchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi, - deydi O‘zbekiston Milliy universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Yoqub Ergashev. – Uchrashuv jarayonida Kvant fizikasi sohasida 3 kurs talabalariga dars mashg‘ulotlari o‘tib berdilar. Kvant fizikasi yo‘nalishida so‘nggi yillarda olib borilayotgan eng dolzarb ilmiy-tadqiqotlar va ularning mazmun-mohiyati bilan batafsil to‘xtalib o‘tib, talabalarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
Muloqot davomida yosh olimlarda tadqiqotchilik ko‘nikmalarini shakllantirish, zamonaviy ta’lim va yuqori texnologiyalar integratsiyasi mavzulariga to‘xtalib o‘tildi.
Talabalar va yosh izlanuvchilar o‘zlarini qiziqtirgan mavzularda olim bilan fikr almashdi. Serj Arosh ishtirokchilarning savollariga batafsil javob berar ekan, ilm yo‘lini tanlagan yoshlar uchun o‘z tavsiyalarini aytib o‘tdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/NpJPmp0G--k" title="Nobel mukofoti sohibi O‘zbekistonda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov, Salimjon Obidjonov, O‘zA