Uzluksiz ta’lim tizimi istiqbollari
Toshkentda “Uzluksiz ta’lim tizimida hamkorlik pedagogikasi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Toshkentda “Uzluksiz ta’lim tizimida hamkorlik pedagogikasi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi vazirliklari, O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari hamda xorijiy davlatlar universitetlaridan professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri U.Inoyatov, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Sh.Sharipov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekistonda ta’lim tizimining tubdan isloh qilinishi o‘zining yuksak samaralarini berayotganini ta’kidladi. “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi asosida farzandlarimizni bilimli, yuksak salohiyatli, jismonan va ma’nan yetuk insonlar etib tarbiyalashning yaxlit mexanizmi shakllantirildi.
Sohadagi islohotlar jarayonida ta’lim tizimini axborotlashtirish, o‘qitishga ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratish muhim ahamiyatga ega. Bu boradagi izchil ishlar samarasida ta’lim maskanlari o‘rtasida yagona ta’lim tarmog‘ini tashkil etish, elektron darsliklardan oqilona foydalanish, xorijiy ta’lim maskanlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotga kirishish imkoniyatlari ortmoqda.
Tadbirda umumta’lim fan o‘qituvchilarining malakasini oshirish, sohaga pedagogik texnologiyalarni joriy etish, mutaxassis va yoshlar hamkorligi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
– Mazkur anjuman ta’lim tizimidagi ilg‘or tajriba borasida xorijlik mutaxassislar bilan fikr almashish imkoniyatini berdi, – deydi universitetning ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori J.Tohirov. – Ushbu sohadagi o‘zgarishlarni keng ommalashtirish, yurtimiz va xorijiy bilim dargohlaridagi professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.