Uydan ishlashning ham muddati bor: xodim qachon ofisga qaytishi kerak?
Bugun ishlash uchun albatta har kuni ofisga borish shart emas. Ayrim xodimlar mehnat vazifalarini uyidan, kovorkingdan yoki boshqa joydan turib bajarmoqda. Ayniqsa, raqamli texnologiyalar rivojlangani sari masofadan ishlash imkoniyati kengayib bormoqda.
Ammo masofadan turib ishlash faqat “uyda o‘tirib ishlash” degani emas. Mehnat qonunchiligida uning aniq tartibi, jumladan, doimiy va vaqtincha turlari belgilangan.
Xo‘sh, aslida doimiy masofadan ishlash nima? Vaqtincha masofadan ishlash bilan farqi nimada?
Mazkur savol yuzasidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bosh mutaxassissi Muzaffar Muhammadjonov quyidagicha javob berdi.

- Agar mehnat shartnomasida xodim butun ish vaqti davomida statsionar ish joyidan tashqarida mehnat vazifalarini bajarishi nazarda tutilgan bo‘lsa, bu doimiy masofadan turib ishlash hisoblanadi, deydi Muzaffar Muhammadjonov. - Ya’ni xodim ishga qabul qilinganidan boshlab mehnat faoliyatini masofadan amalga oshiradi. Uning ish joyi sifatida ofisga har kuni borish emas, balki shartnomada belgilangan masofaviy ishlash tartibi asos qilinadi. Bunda xodimning ishlash tartibi o‘zgarishi vaqtinchalik xususiyatga ega bo‘ladi. Xodimning roziligi bilan u ma’lum muddat davomida statsionar ish joyidan tashqarida mehnat vazifalarini bajarishi mumkin. Masalan, muayyan sharoit yoki zarurat tufayli xodim bir muddat uyidan ishlashi mumkin. Biroq bu yerda muhim muddat bor. Vaqtincha masofadan turib ishlash muddati bir yildan oshmasligi kerak.
Muddat tugaganda nima bo‘ladi?
Vaqtincha masofadan ishlash uchun belgilangan muddat yakunlangach, xodimning avvalgi ish rejimi tiklanadi. Demak, vaqtincha masofaviy ishlash xodimning doimiy ravishda uydan ishlashiga avtomatik ravishda olib kelmaydi. Shu sababli xodim ham, ish beruvchi ham masofadan ishlash tartibining qanday belgilanganiga e’tibor qaratishi muhim. Amaliyotda “Men uydan ishlayapman”, “Boshliq ruxsat berdi”, “Hozircha masofadan ishlayman” kabi holatlar uchrashi mumkin. Biroq masofadan ishlashning huquqiy maqomi mehnat shartnomasida yoki qonunchilikda belgilangan tartib asosida aniqlanadi. Shuning uchun xodim masofadan ishlashga o‘tayotganda uning turi va muddatiga e’tibor berishi kerak. Bu keyinchalik ish rejimi, ofisga qaytish yoki mehnat munosabatlariga oid tushunmovchiliklarning oldini oladi.

Qisqasi, masofadan ishlashning ham “muddati” va “maqomi” bor. U doimiy bo‘lishi ham, ma’lum vaqtga joriy etilishi ham mumkin. Mehnat kodeksining 453-moddasida masofadan turib ishlashning doimiy va vaqtincha turlari bo‘yicha qoidalar belgilangan.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi,
O‘zA