Ustozning mehnati – elning ertasi
FOTOREPORTAJ
Termiz shahrida 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Surxondaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda ta’lim sohasida mehnat qilayotgan pedagoglar, faxriy ustozlar hamda soha vakillari ishtirok etdi. Marosimda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Toshpo‘latov so‘zga chiqib, ustozlarni kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etdi.
Ta’kidlanganidek, ustozning mashaqqatli va sharafli mehnati yosh avlodning bilim va dunyoqarashini shakllantirish, ularni Vatanga sadoqat va ezgu maqsadlar ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois ta’lim sohasida fidokorona mehnat qilayotgan pedagoglarning xizmatlarini munosib rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
[gallery-31700]
Tadbir davomida maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida samarali faoliyat yuritayotgan 9 nafar pedagogga “Xalq ta’limi fidoyisi”, 41 nafar ustozga esa “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
Bayram tadbirida ustozlarga ezgu tilaklar bildirilib, ularning yosh avlod ta’lim-tarbiyasi yo‘lidagi mehnati yuksak e’tirof etildi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA