Ustozga ehtirom — avlodlarga ibrat
Jamiyat taraqqiyoti, avvalo, inson qadriga bo‘lgan e’tibor, avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy vorislik va yillar davomida to‘plangan hayotiy tajribaning munosib davom ettirilishi bilan belgilanadi. Zero, bugungi yutuqlar zamirida kechagi mashaqqatli mehnat, fidoyilik va o‘z kasbiga sadoqat bilan xizmat qilgan insonlarning ulkan hissasi mujassam. Ustozlar tajribasi esa yosh avlod uchun shunchaki xotira emas, balki kelajak sari yo‘l ko‘rsatuvchi hayot maktabidir.
Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, keksalarni e’zozlash, nuroniylarning boy hayotiy tajribasidan samarali foydalanish va yoshlarni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilgari surayotgan insonparvarlik tamoyillari, “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oya bu boradagi ishlarning muhim ma’naviy asosini tashkil etadi. Ayniqsa, katta avlod vakillariga hurmat ko‘rsatish, ularning mehnatini qadrlash va yoshlar bilan uzviy aloqasini mustahkamlash davlatimiz ijtimoiy siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Ana shu ezgu maqsadlar ro‘yobi yo‘lida Buxoro viloyati hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro viloyati bo‘limi hamda O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi hamkorligida “Ikki avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda inspeksiya faoliyati rivojiga munosib hissa qo‘shgan, uzoq yillar davomida sohada samarali mehnat qilib, bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan faxriy xodimlar ishtirok etdi. Bir piyola choy atrofida kechgan samimiy suhbatlar, samimiy xotiralar va hayotiy mulohazalar uchrashuvga alohida fayz bag‘ishladi.
Bu yerda oddiy muloqotdan ko‘ra teranroq ma’no bor edi. Chunki bir davrda soha rivoji uchun mas’uliyatni zimmasiga olgan, o‘z bilimi va tajribasini ishga safarbar etgan faxriylar bilan bugungi vazifalarni ado etayotgan xodimlar bir davraga jam bo‘ldi. Ularni bog‘lab turgan mushtarak rishta esa kasbga sadoqat, halol mehnat va el-yurt ravnaqiga daxldorlik tuyg‘usidir.
Inson umri davomida egallagan bilim va ko‘nikmalarini, mehnat jarayonida orttirgan tajribasini boshqalarga o‘rgatsa, uning mehnati yangi mazmun kasb etadi. Shu ma’noda, faxriylarning hayot yo‘li yosh xodimlar uchun muhim saboqdir. Zero, kasbiy mahoratni kitoblardan o‘rganish mumkin, ammo mas’uliyatni his etish, murakkab vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish, ishga vijdonan yondashish va odamlar ishonchini qozonish ko‘p jihatdan hayotiy tajriba orqali shakllanadi.
Uchrashuv davomida ko‘p yillik halol mehnati, yuksak mas’uliyati va fidoyiligi bilan soha rivojiga hissa qo‘shgan faxriylarning xizmatlari e’tirof etildi. Ularning bosib o‘tgan yo‘li, mehnat faoliyati va kasbiga bo‘lgan sadoqati yosh avlod uchun ibrat maktabi ekani alohida ahamiyat kasb etdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri