Universitetda “Xitoy kuni”
Guliston davlat universitetida o‘tkazilgan “Xitoy kuni – 2026” tadbiri oddiy madaniy uchrashuv emas, balki ta’lim, ilm-fan va xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiquvchi muhim muloqot maydoniga aylandi.
1–2-iyun kunlari bo‘lib o‘tgan mazkur tadbir O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik hamda madaniy-ilmiy aloqalarni mustahkamlash, ikki xalqning boy ma’naviy merosi va an’analarini keng targ‘ib etish maqsadida Guliston davlat universiteti hamda “TG International Education and Technology” qo‘shma korxonasi MCHJ hamkorligida tashkil etildi.

So‘nggi yillarda Guliston davlat universitetining Xitoy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorligi izchil rivojlanib, yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu esa mazkur kabi xalqaro tadbirlarning ahamiyatini yanada oshirmoqda.

Yaqinda Sirdaryo viloyati hokimligi tashabbusi bilan Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirilgan xizmat safari doirasida viloyat oliy ta’lim muassasalari vakillaridan iborat delegatsiya dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — The University of Hong Kong faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Uchrashuvlarda qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini kengaytirish hamda ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Ushbu tashrif xalqaro akademik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘ldi. U, ayniqsa, ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalarni uyg‘unlashtirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda yoshlar uchun xalqaro tajriba almashinuv imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda. “Xitoy kuni – 2026” tadbiri esa ana shu hamkorlikning amaliy ifodasi sifatida namoyon bo‘ldi.

Tadbirning ochilish marosimida ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. Bu esa ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Dastur doirasida ishtirokchilar Xitoyning ko‘p asrlik tarixi, boy madaniyati va milliy an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Taniqli hattot Guo Ji’en tomonidan o‘tkazilgan mahorat darslari, choy marosimi hamda xitoy tili bo‘yicha mashg‘ulotlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, universitetga hattotlik san’ati namunalari, kitoblar, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar hamda Xitoy madaniyat markazini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiluvchi milliy madaniy buyumlar topshirildi. Bu talabalarning sharq madaniyati va tilini chuqur o‘rganishi uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratdi.

Tadbirni yuqori saviyada tashkil etishda universitet rahbariyati, “TG International Education and Technology” qo‘shma korxonasi MCHJ vakillari hamda professor-o‘qituvchilar faol ishtirok etishdi. Xususan, prorektorlar F. Sharipov, D. Eshmurodov va A. Fozilov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i D. Allanazarova, fakultet dekanlari A. Bobojonov va G‘. Shayzoqov, shuningdek, kafedra mudirlari G. Norimova hamda Sh. Abdurazzaqovaning sa’y-harakatlari tadbirning muvaffaqiyatli va mazmunan boy o‘tishiga xizmat qildi.
– Bugungi kunda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. “Xitoy kuni – 2026” tadbiri ana shu aloqalarning amaliy ko‘rinishi bo‘ldi. U talabalarga Xitoy madaniyati, tarixi va tilini yaqindan o‘rganish imkonini berdi. Shuningdek, bunday tashabbuslar yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish va xalqaro hamkorlikka tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Guliston davlat universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Dilmurod Eshmurodov.
“Xitoy kuni – 2026” tadbiri ikki mamlakat yoshlarini yaqinlashtirish, madaniy muloqotni rivojlantirish hamda kelgusidagi hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratishga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri