Umummilliy birdamlik – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining harakatlantiruvchi kuchi!
30-iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan «Do‘stlik» festivali doirasida “Umummilliy birdamlik – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining harakatlantiruvchi kuchi!” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tgan mazkur nufuzli xalqaro anjumanda mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy diplomatik korpus vakillari, xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijdagi vatandoshlar va o‘zbek jamiyatlarining rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari, milliy madaniyat markazlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston xalqiga bayram тaбригини O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov o‘qib eshittirdi.
Xalqaro anjumanning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.
Mamlakatimizda xalqlar o‘rtasidagi ahillik va hamjihatlikni mustahkamlash va bunda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining beqiyos o‘rni va ahamiyatiga bag‘ishlangan hujjatli film namoyish etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Qahramon Sariyev, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Ulug‘bek Shermatov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Olim Toshboyev, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov O‘zbekistonda umummilliy birdamlikni mustahkamlash, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini asrash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.
Bugun O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillarining tinch va ahil hayot kechirayotgani, ularning mamlakat taraqqiyotiga qo‘shayotgan munosib hissasi umummilliy birdamlikning amaliy ifodasi sanaladi.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda “Do‘stlik” festivali beshinchi marta nishonlanmoqda, – dedi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov. – Millatlararo totuvlik, hamjihatlik, dinlararo, madaniyatlararo hamjihatlikni asrash O‘zbekistonda bugun emas, balki asrlar davomida shakllangan an’ana sanaladi. Yangilanish yo‘lidan dadil borayotgan O‘zbekistonimizda umummilliy birdamlikning huquqiy asoslari ko‘plab hujjatlar bilan mustahkamlab qo‘yilgan. Bosh Qomusimizning 8-moddasida O‘zbekiston xalqini millatidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etishi belgilangan. Bularning bari O‘zbekiston olib borayotgan siyosatning yuksak insonparvarlik, bag‘rikenglik tamoyillariga asoslanishini ifodalaydi. Vatanimizning bu boradagi tajribasi jahon mamlakatlari uchun ibrat sanaladi.
–Prezidentimizning 30-iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigini hayajon bilan tingladik, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Viktor Pak. – Darhaqiqat, bugungi kunda O‘zbekistonda millatlar, diniy konfessiyalar o‘rtasida o‘zaro do‘stlik, hamjihatlik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lida zarur barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib berilgan. Milliy madaniy markazlarning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun muhtasham pavilon barpo etildi. Bularning bari tabarruk O‘zbekistonda har bir inson, millati, dinidan qat’i nazar davlat va jamiyat e’tiborida ekanining amaldagi yorqin namunasidir.
[gallery-30639]
Konferensiyada jamiyatda millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash, xalq diplomatiyasining zamonaviy mexanizmlarini rivojlantirish, xorijdagi vatandoshlar bilan hamkorlikni kengaytirish, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va milliy madaniy markazlar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama etildi.
Shuningdek, yangi O‘zbekistonda umumilliy birdamlikni mustahkamlashning huquqiy va institutsional asoslari, xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni yanada takomillashtirish, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlashda xalq diplomatiyasining o‘rni yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.
Tadbir yakunida konferensiya ishtirokchilari tomonidan muhokama etilgan mavzular yuzasidan amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
“Do‘stlik” festivali doirasida tashkil etilgan ushbu xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya umummilliy birdamlik g‘oyasini ilmiy asosda rivojlantirish, tajriba almashish va dolzarb tashabbuslarni ilgari surish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi.
Nazokat Usmonova,
Farhod Abdurasulov (surat),
O‘zA muxbirlari