Festival ko‘tarinki kayfiyatda davom etmoqda
Sirdaryo viloyatida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan "Mustaqillik to‘yi" festivallari ko‘tarinki kayfiyat va yuksak tashkiliy saviyada davom etmoqda.
Viloyatning barcha shahar va tumanlarida, eng chekka mahallalargacha tashkil etilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, xalq sayillari, sport musobaqalari, kitobxonlik aksiyalari va madaniy dasturlar yurtdoshlarimizni “Bir Vatan, bir xalq, bir maqsad” g‘oyasi atrofida yanada jipslashtirmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarorida bayram tadbirlarini “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” bosh g‘oyasi asosida tashkil etish, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni aholiga keng targ‘ib qilish, yoshlarda Vatan taqdiri uchun daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan har bir tadbir aynan shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Sirdaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi, viloyat Madaniyat boshqarmasi hamda tuman va shahar hokimliklari hamkorligida Sirdaryo, Sayxunobod, Boyovut, Mirzaobod, Oqoltin, Sardoba, Xovos, Guliston tumanlari hamda Guliston, Shirin va Yangiyer shaharlarida yuzlab ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Festival dasturidan joy olgan “Kitob karvoni”, “Yaxshilik karvoni”, “Shukronalik”, “Umummilliy birdamlik”, “Millat fidoyilari”, “Ziyorat odobi”, “Yangi O‘zbekistonning baxtiyor bolalari”, “Kinokarvon” va “Mustaqillik marshlari” kabi loyihalar aholi, ayniqsa, yoshlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Kitob ko‘rgazmalari, milliy xalq o‘yinlari, folklor chiqishlari, “Zakovat” intellektual bellashuvlari, konsert dasturlari va sport musobaqalari mustaqillik bayramining mazmun-mohiyatini yanada boyitmoqda.

Yangiyer shahridagi Binokor mahallasi hamda Xovos tumanidagi Ziyolilar bog‘ida Tinchlik va Do‘stlik mahallalari aholisi ishtirokida o‘tkazilgan “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” ommaviy yurish marafoni, Boyovut tumani Muqimiy mahallasida tashkil etilgan “Mustaqillik marshlari”, Sardoba tumani Yangiqishloq mahallasidagi «Shukronalik» uchrashuvlari hamda Sirdaryo tumanining Elobod va Quyosh mahallalaridagi ma’rifiy muloqotlar bayram tadbirlarining eng yorqin sahifalariga aylandi.
Mazkur tadbirlarda taniqli san’atkorlar, “Ma’rifat targ‘ibotchilari” guruhi vakillari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, yoshlar, sportchilar, ta’lim muassasalari jamoalari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. Uchrashuvlarda mamlakatimiz mustaqilligining 35 yillik taraqqiyot yo‘li, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, yurtimizdagi tinchlik va barqarorlik, xalq farovonligi yo‘lidagi bunyodkorlik ishlari haqida atroflicha fikr almashildi.

Vatan, tinchlik va ezgulikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Samimiy muloqotlar davomida fuqarolar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish, san’at va ma’rifat ahli bilan ochiq muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldilar.
— Eng muhimi, bu kabi ma’naviy-ma’rifiy va targ‘ibot tadbirlari Sirdaryo viloyatida yuksak saviya va ko‘tarinki ruhda davom etmoqda. Ularning asosiy maqsadi aholi, ayniqsa, yoshlar qalbida Vatanga muhabbat, milliy g‘urur, fidoyilik va Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga daxldorlik tuyg‘usini yanada mustahkamlashdan iborat, — deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Sirdaryo viloyati bo‘limi rahbari Murodjon Xaitov.

Festivallarda turli millat va elat vakillarining faol ishtiroki bayramga yanada o‘ziga xos mazmun bag‘ishladi. Ular milliy madaniyati, urf-odatlari va san’ati orqali mamlakatimizda qaror topgan millatlararo totuvlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini yana bir bor namoyon etdilar.

— Mustaqillik — yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elat vakillarini yagona Vatan tuyg‘usi, umumiy taqdir va mushtarak orzu-maqsadlar atrofida jipslashtirgan bebaho ne’matdir. Bu muqaddas zaminda millatidan, tili va urf-odatidan qat’i nazar, har bir insonning qalbida Vatanga muhabbat, tinchlikka sadoqat va kelajakka ishonch yashaydi. Shu bois “Bir Vatan, bir xalq, bir maqsad” g‘oyasi bugun nafaqat ezgu shior, balki Yangi O‘zbekistonni birgalikda barpo etayotgan barcha yurtdoshlarimizning hayotiy e’tiqodiga aylandi. Vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘shish, uning tinchligi va farovonligini asrash esa har birimizni birlashtiradigan eng yuksak burch va faxrdir, — deydi Tojik milliy madaniy markazi rahbari, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Munavvar Pardayev.

Boyovut tuman hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Mehriniso Eshonxonovaning fikricha, mustaqillik festivallari aholi, ayniqsa, yoshlarni vatanparvarlik, fuqarolik mas’uliyati va hamjihatlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
— Bunday tadbirlar nafaqat Boyovut tumanida, balki butun Sirdaryo viloyatida keng jamoatchilik ishtirokida o‘tkazilayotgani xalqimizning mustaqillik g‘oyalariga sadoqati, Vatan taraqqiyotiga daxldorlik hissi va ertangi kunga bo‘lgan mustahkam ishonchini yaqqol namoyon etmoqda. “Bir Vatan, bir xalq, bir maqsad” g‘oyasi odamlarni ezgu maqsadlar atrofida birlashtirib, jamiyatimizda hamjihatlik va bunyodkorlik muhitini yanada mustahkamlamoqda, — deydi Mehriniso Eshonxonova.

Bugun Sirdaryo viloyatidagi har bir mahallada o‘tkazilayotgan festivallar shunchaki bayram emas. Ular Vatanga muhabbat, milliy g‘urur, kitobxonlik, ma’rifat, sog‘lom turmush tarzi, millatlararo totuvlik va inson qadrini ulug‘lash g‘oyalarini hayotga tatbiq etayotgan ulkan ma’naviy harakatdir.

Eng muhimi, “Mustaqillik to‘yi” festivallari mustaqillikning beqiyos qadrini, xalqimiz birdamligini va Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga daxldorlik tuyg‘usini yanada mustahkamlamoqda. Bugun “Bir Vatan, bir xalq, bir maqsad” g‘oyasi sirdaryoliklarni umumiy maqsad yo‘lida birlashtirayotgan, yurt ravnaqi uchun mas’uliyatni yanada kuchaytirayotgan hayotiy tamoyilga aylandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri