Ularsiz muammolar hal boʻlmaydimi?!
Davlat tashkilotlarida ishlayotganlar ham inson. Baʼzan ular ham issiq jon ekanligini unutib qoʻyamiz.
Davlat tashkilotlarida ishlayotganlar ham inson. Baʼzan ular ham issiq jon ekanligini unutib qoʻyamiz. Yaqinda hech qayerda ishlamaydigan, ammo blogerlar bilan hamkorlik qiladigan “shogird bloger”ning soʻzlarini tinglab, yoqa ushladim. Nahotki, shunchalikka borishsa?! Ajdodlarimizni xotirlab, ularning faoliyatiga nazar solsak, faxrlanamiz. Biz-chi, kelajak avlodga nima qoldiryapmiz? Yoshlar qaysi jihatimizdan oʻrnak oladi? Hisob-kitob qilsak, biror arzigulik jihatimiz bormikan?
Keyingi paytlarda kimgadir murojaat qilish lozim boʻlsa, kimdir yoʻrigʻimizga yurmasa, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga harakat qilayapmiz.
Shogird blogerning soʻzlarini aslidek yozayapman. Siz ham bir eʼtibor bering-a.
– …Menga farqi yoʻq. Kim boʻlsa ham murojaat qilsa boʻldi. Uning haq yoki nohaqligi umuman qiziqtirmaydi. Ikki ogʻiz gapi yozilgan videosi, qoʻlida bir enlik xati boʻlsa boʻldi. Oʻshani internetga chiqarib yuboraveraman. Oʻzim-ku, unchalik tushunmayman. Hamkorlik qiladigan ustoz blogerlarim bor. Ulushni ham boʻlib olamiz. Baʼzan koʻproq qismi menga qoladi. Axir joylarga borib maʼlumot olish, tayyorlash, insonlarning ishonchiga kirish oson deysizmi?! Kompyuterni yaxshi biladigan ustoz blogerlar xonasidan chiqmay, qimirlamay oʻtiradi. Hududlardagi maʼlumotlarni biz yuboramiz. Oqni qora, qorani oq qilib video tayyorlashni, “qars”ni bir qoʻldan chiqarishni doʻndiramiz. Mana, yaqinda bir qoʻshnimni boplab internetga chiqardim. Bechora oʻziga yogʻdirilgan boʻhtonlardan yoqa ushlab qoldi. Yana tagʻin “Hech kimga yomonlik qilgan boʻlmasam. Oddiy fermada ishchi boʻlsam. Kimdir menga dushmanlik qilib, syomka qilib olibdi. Eshitsangiz, unday gaplarni hech qachon aytmayman.
Katta oʻgʻlim aytdi, ovoz ham meniki emas ekan. Kim chiqarib yuborganini ham bilmayman. Bir nechta qoʻshnilarga yordam bergansiz-ku, menga ham yordam bering. Nima desangiz, roziman. Faqat yordam bering”, deb arzi hol qilib keldi. Bechora bu ishlarning boshida oʻzim turganimni qayerdan bilsin? Har doimgidek, unga “bu ish osonlikcha hal boʻlmaydi. Biroz xarajati bor. Videoni tayyorlaganlar mehnat qilgan, ular bu jarayonni chiqarish uchun ishlagan”, deya berilishi kerak boʻlgan summani aytgandim. Obroʻsi, shaʼnini himoya qilish uchun darrov rozi boʻlaqoldi. Shu summasini biroz past aytibman-da, koʻproq aytsam ham rozi boʻlarkan… Afsus, endi kech. Mana yaqinda bir fermerning maʼlumotlarini chiqardik. Oʻsha zahoti davlat tashkilotida ishlaydigan xodimlarning yugurishini koʻrmadingiz-da. Oʻzi 10 yil ishlagan boʻlsa ham, oʻsha fermer biror marta rejani bajarmagan. Keng yaylovni egallab olib, odamlarning qoʻy-qoʻzisini boqishdan nariga oʻtmagan. Bunaqa ishlamaydigan, davlatning yeridan oʻz nafsi yoʻlida foydalanadigan fermer menga ham kerak emas aslida. Qonunan uning fermer xoʻjaligi tugatilgani yoʻq, faqatgina yaylovi borasidagi ijara shartnomasi bekor qilingan xolos. Ha, endi yetarlicha qoramoli boʻlmagandan keyin shartnoma bekor qilinadi-da. Buni bilsak-da, ishimiz, tanishimiz deb, shu akaga ham yordam beraylik deb harakat qildik. Harakatimiz naf bermasligini oldindan bilgandim.
– Ijtimoiy tarmoqqa chiqargan maʼlumotingiz asossizligini bilsangiz ham murojaat qildingizmi?! Nahotki davlat idoralarida ishlayotgan xodimlar hech narsani bilmaydi, ular yaxshigina ishlab turgan fermerning faoliyatini osongina, bekordan-bekorga tugatib yuboraveradigan darajada bilimsiz deb oʻylagan boʻlsangiz. Har holda notoʻgʻri qaror oʻz-oʻzidan chiqib ketmasligini bilasizmi?!
– Bilganda qandoq… Oʻrta maktabni ham toʻliq bitirmaganimni bilib turib, jigʻimga tegayapsizmi? Men qayerdan bilaman, davlat ishida ishlab koʻrmagan boʻlsam? Aytdimku, fermerlik faoliyati tugatilmagan, chorvasi boʻlmagani uchun faqat yaylovdan foydalanish uchun tuzilgan ijara shartnomasi bekor boʻlgan, xolos. Bu ijtimoiy tarmoqda chiqargan har bir maʼlumotimiz asossiz, degani emas. Asoslilari ham bor. Ayrimlari oʻrganilgandan soʻng ijobiy hal etilayapti. Toʻgʻri, baʼzilariga bir tomonlama yondashganimiz uchun notoʻgʻri boʻlayotgan boʻlishi mumkin. Ha endi, hayotda hamma narsa boʻladi…
Mana gap qayerda. Qars ikki qoʻldan chiqqanidek, blogerlar koʻtarib chiqayotgan xabar yoki murojaatlarning hammasini ham toʻgʻri deyolmaymiz. Kimdir oʻzining shaxsiy xusumati, yana kimdir mansab talashib blogerlarning xizmatidan foydalanadi. Ular berayotgan maʼlumot toʻgʻri yoki notoʻgʻriligini aniqlash uchun har tomonlama oʻrganmaydi. Oʻrganishga harakat ham qilmaydi. Ularning nazdida murojaatchi haq. Balki, shuning uchun keyingi paytlarda oʻqigan ham, oʻqimagan ham blogerman deb koʻksiga urayotgandir. Shuning uchun ham yaxshi ishlayotgan, qoʻliga tushgan maʼlumotni har tomonlama oʻrganib, xulosa chiqarayotgan blogerlarning xizmati sezilmayotgandir.
Bir misol. Yaqinda nomdor kanallarning birida eʼlon qilingan murojaatni koʻrib, hayron qoldim. Ular singari men ham nohaqlik qilayotgan rahbarlarni ayblay boshladim. Murojaatchi yigitning masalasini astoydil oʻrganishga, unga yordam berishga harakat qildim. Buni qarangki, men oʻylaganchalik mutasaddi rahbarlar aybdor emas ekan. Yigitning oilaviy ahvoli biroz ogʻirligi tufayli qoʻshnisi oʻzining yerini vaqtincha foydalanish uchun berib turgani, bundan foydalangan yigit esa videomurojaatida aytganidek 2018-yilning fevral-mart oylarida emas, 2019-yilning uchinchi choragida yashashga moslashtirilmagan bir xonali uy tiklab olgani maʼlum boʻldi.
Yana bir tadbirkorning faoliyati tuman hokimligi tomonidan asossiz toʻxtatilayotgani, tadbirkorga yordam berish kerakligi haqidagi videomurojaatni ham sinchiklab oʻrgandik. Aslida tadbirkorning faoliyati 2012-yilda sud qarori bilan tugatilgan ekan.
Asossiz murojaatni faqat bir tomonlama oʻrganib, oʻzining kanaliga joylashtirayotgan blogerlar balki endi biroz hushyorroq boʻlishar.
Endi blogerlar koʻtarib chiqayotgan muammolarning hal etilayotgani yoki etilmayotganiga toʻxtaladigan boʻlsak, ijobiy yechim topayotganlari ham bor. Ammo murojaatchi nohaq boʻlsa, ishi bitmasligi tayin.
Darvoqe, shogird blogerga “Sizlarning xizmatingiz pullimi? Ijtimoiy tarmoqlarda bu borada hech bir fikr yoki soʻzga duch kelmagan ekanman”, deb bergan savolimga olgan javobni yozishni unutayozibman. “Bu nima deganingiz? Kimdir yozganiga, kimdir tikkaniga, kimdir pishirganiga, yana kimdir sotganiga, boshqa birov esa qoʻygan chiqarganiga yarasha haq oladi-ku. Biz ham chiqarganimizga haq olamiz. Buning yomon tomoni yoʻq-ku”.
Albatta, har kim tanlagan kasbi orqali oilasini boqadi. Ammo murojaatning asossizligini bila turib, uning ortidan yugurib haq olishni nima deb atash mumkin?