Uchrashuvda yoshlar bandligiga e’tibor qaratildi
Navoiy davlat universitetida bitiruvchi talabalar ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.
Unda Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi 100 nafardan ortiq universitet bitiruvchilari qatnashdi.
Ochiq va samimiy muloqot ruhida o‘tgan tadbirda bitiruvchi yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni qo‘llab-quvvatlash va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Uchrashuv davomida yoshlarning kelgusi rejalari, mehnat bozorida munosib o‘rin egallashi, kasbga yo‘naltirish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash va davlat tomonidan yaratilayotgan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi. Shuningdek, bitiruvchilar uchun amal qilayotgan imtiyozlar, moliyaviy ko‘mak vositalari va bandlikni ta’minlashga qaratilgan dasturlar haqida tushuntirish ishlari olib borildi.

Yoshlar tomonidan ilgari surilgan taklif va murojaatlar mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida ko‘rib chiqilib, ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, pedagogika, tadbirkorlik hamda ijtimoiy sohalarda faoliyat yuritish istagini bildirgan bitiruvchilar uchun tegishli tashkilot va muassasalar rahbarlari bilan alohida uchrashuvlar tashkil etildi. Bu orqali yoshlarning mutaxassisligiga mos ish o‘rinlarini tanlash va ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan manzilli choralar belgilandi.

Muloqotlar natijasida bitiruvchilarning qariyb 30 nafari o‘z kasbiy yo‘nalishlari bo‘yicha doimiy ish o‘rniga ega bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritib, tegishli korxona va muassasalar bilan mehnat shartnomalarini rasmiylashtirishga erishdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri