Qarzdorning avtomashinasi xatlandi
Tabiiy gazdan foydalangani uchun to‘lov majburiyatini bajarmagan fuqaroga nisbatan majburiy ijro choralari qo‘llanildi. Natijada qarzdorning avtomashinasi xatlanib, 18 million 300 ming so‘m qarzdorlik to‘liq undirildi.
Ma’lum qilinishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudining 2026-yil 26-maydagi qaroriga muvofiq, fuqarodan «Hududgaz Sirdaryo» gaz ta’minoti korxonasi foydasiga 18 million 300 ming so‘m qarzdorlikni undirish belgilangan.
Sud qarori ijrosini ta’minlash Majburiy ijro byurosining Guliston shahar bo‘limi davlat ijrochilari tomonidan amalga oshirildi. Qarzdorga qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda qoplash uchun qonunchilikda belgilangan muddat berilgan bo‘lsa-da, u mazkur imkoniyatdan foydalanmagan.
Shundan so‘ng davlat ijrochilari tomonidan majburiy ijro harakatlariga kirishilib, qarzdorga tegishli «KIA Seltos» rusumli avtomashina xatlandi.
Ko‘rilgan chora o‘z samarasini berdi. Natijada qarzdor 18 million 300 ming so‘m qarzdorlikni to‘liq qopladi va sud qarori ijrosi ta’minlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri