Uchrashuv qiziqarli va ko‘tarinki ruhda o‘tdi
Toshkent viloyatidagi Chirchiq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi faoliyati hududda sportni ommalashtirish, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga keng jalb etish hamda yuqori malakali sportchilarni tarbiyalashga qaratilgan bo‘lib, mazkur yo‘nalishda samarali ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Markaz tarkibida 104 nafar malakali murabbiy, 493 nafar sportchi-o‘quvchi hamda 104 ta sport guruhi faoliyat olib bormoqda. O‘quv-mashg‘ulot jarayonlari ilg‘or pedagogik yondashuvlar asosida tashkil etilgan bo‘lib, har bir sportchi bilan individual ishlash mexanizmi joriy qilingan. Bu esa sportchilarning iqtidori va imkoniyatlarini to‘liq ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda.

2025-yil yakuniga ko‘ra, markaz sportchilari tomonidan yuqori sport natijalari qayd etildi. Jahon va Osiyo chempionatlari hamda kuboklarida 33 ta, O‘zbekiston chempionatlari va kuboklarida 29 ta, turli darajadagi boshqa musobaqalarda 67 ta yutuq qo‘lga kiritildi. Shu bilan birga, 30 nafar sportchi milliy terma jamoa a’zosi sifatida e’tirof etildi, tarbiyalanuvchilarning 38 nafari sport ustasi, 260 nafariga esa sport ustaligiga nomzod unvonlari berildi.
Mazkur sport markazida shoir, yozuvchi va san’atkorlar bilan ham tez-tez uchrashuvlar o‘tkazib turiladi. Mana shunday uchrashuvlardan biri O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, "Shuhrat" medali sohibi, shoir Turob Niyoz bilan o‘tkazildi. Unda markaz tarbiyalanuvchilari hamda murrabbiylar ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida Turob Niyoz ishtirokchilarga o‘z she’rlaridan o‘qib berdi, yurtimizda ta’lim-tarbiya hamda sportga bo‘lgan e’tibor, shuningdek, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari haqida so‘z yuritdi, berilgan turli mavzudagi savollarga javob berdi hamda yangi chiqqan kitoblaridan markaz kutubxonasiga sovg‘a qildi.
N. Bozorova, O‘zA