Jurnalistlar mahallalarning o‘zgarishlari bilan tanishdi
O‘zbekiston Mahallalari va O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmalarining o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumi doirasida markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Surxondaryo viloyatiga press-tur tashkil etdi.
Matbuot safariga oshiqqan ishtirokchilarga O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Saydulla Abduraimov vohada “mahalla yettiligi”ning joriy yil dastlabki choragida amalga oshirgan ishlari va kelgusi rejalari haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Viloyatdagi 723 ta mahalladagi 560 mingdan ziyod xonadon va 730 mingdan ortiq oilada uch million 11 mingga yaqin kishi yashaydi. Ularning 48 tasi qo‘shni davlatlar bilan chegara va olis hududlarda joylashgan. 77 mahalla fuqarolar yig‘inini xotin-qiz raisalar boshqarmoqda. Aholiga “mahalla yettiligi”ning 4 ming 300 dan ortiq xodimi xizmat ko‘rsatib, ularning muammolarini yechishga, ijtimoiy yordamga muhtoj insonlar, xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlab, oilalarning turmush farovonligi oshirishga ko‘maklashmoqda.
Prezidentimizning 2023-yil 21-dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
[gallery-29294]
Muloqot chog‘ida “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da mahallalar raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektorlari amalga oshirayotgan ishlar, mahalla servis kompaniyalari va mahalla nazorat guruhlari faoliyati, tomorqalardan samarali foydalanish, hashar yo‘li bilan mahallalarni obodonlashtirish, ichki yo‘llarni asfaltlash, yo‘lakchalar qurish kabi mavzularda fikr almashildi.
Viloyat mahallalarida olib borilayotgan ishlar bilan joyida tanishish uchun yo‘lga chiqqan jurnalistlar dastlab Termiz tumanidagi Qahramon mahallasida bo‘ldi. 4 ming 150 xonadondan iborat mahalla viloyat markaziga tutash hududda joylashgan. Aholi tomorqadan oqilona foydalanib, shahar bozorlariga turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirib beradi. Yuzdan ortiq xonadonda barpo etilgan issiqxonada qishin-yozin turli oziq-ovqat ekinlari, anvoyi gullar parvarishlanadi. Press-tur qatnashchilari mahallada bo‘lib, tajribali dehqon, “Do‘stlik” ordeni sohibi Boboyor Xolboyev tomorqasida barpo etilgan issiqxona bilan tanishdi.
Tajribali dehqon Boboyor Xolboyev 34 sotix issiqxonada yiliga ikki million tupgacha pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri, baqlajon, qovun-tarvuz, 20 turdagi turli gul ko‘chatlarini parvarishlab, fermer va dehqon xo‘jaliklariga yetkazib bermoqda. Issiqxonada 12 nafar mahalladoshini doimiy ish bilan ta’minlagan. Ularning o‘n nafari xotin-qizlardir. Issiqxona barpo etayotgan mahalladoshlariga ham qishin-yozin mahsulot parvarishlashning sir-asrorlarini qunt bilan o‘rgatayotir. Shu yil tumandagi at - Termiziy mahallasida yana 24 sotix issiqxona qurib, ishga tushirdi.
– O‘z dehqonchilik maktabimizni yaratyapmiz, – deydi 65 yoshdagi tadbirkor-dehqon B.Xolboyev. – Noyob gullarni ham iqlimimizga moslashtirib, ko‘paytiryapmiz. Ilm-tajriba-innovatsiya asosida mehnat qilib, kam bo‘lmayapmiz. Bu sohaga qiziqqan tomorqa egalariga ham issiqxona dehqonchiligini o‘rgatib, ularning yerdan oqilona foydalanib, mo‘l daromad topishiga sababchi bo‘lyapmiz.
Termiz shahridagi Kokildor ota mahallasi aholisi ham oziq-ovqat ekinlari parvarishlashda boy tajribaga ega. Jurnalistlar bu yerda tadbirkor o‘z mablag‘i hisobidan bunyod etgan mahalla idorasi binosi va “mahalla yettiligi” uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Zokir Otamurodov xonadonida bo‘lib, 4 sotix issiqxonada qulupnay parvarishlash, ko‘chat yetishtirish jarayonlari bilan qiziqdi.
Tajribali tomorqachining aytishicha, u qulupnay yetishtirishdan yiliga 80 million so‘mdan ortiq daromad topmoqda. Issiqxonada yomg‘irlatib sug‘orish joriy etilgan. Shu kunlarda 3 ming 700 tup serhosil qulupnay ko‘chatini parvarishlayotir.
Mahalladagi 721 xonadonning 582 tasi o‘zi issiqxonasiga ega. Ular qulupnay, pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri singari oziq-ovqat ekinlarini parvarishlab, qishin-yozin tomorqadan oqilona foydalanmoqda. OAV vakillarida Yusuf Xolbo‘tayevning 16 sotix yerdagi issiqxonasi va pomidor parvarishlash tajribasi ham katta qiziqish uyg‘otdi.
Matbuot safari ishtirokchilari yo‘l-yo‘lakay Termiz tumanidagi Namuna mahallasi aholisining mahallaga kirish qismida hashar yo‘li bilan piyodalar yo‘lakchasi qurayotganiga duch keldi.
Hasharda qatnashayotgan Abdurashid Vorisovning ma’lum qilishicha, asfalt yo‘lning besh yuz metrdan ortiq qismi ikki tarafida barpo etilayotgan yo‘lakcha tashabbuskor tadbirkorlar mablag‘i hisobidan qurilmoqda.
Tumanning qo‘shni davlat bilan chegaradosh Ayritom mahallasida bo‘lgan jurnalistlar vorkaut maydonchasida yoshlarning jismonan toblanishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, o‘rnatilgan sport jihozlarida mashg‘ulot o‘tayotgan bolalar bilan dildan suhbatlashdi.
Shu kuni jurnalistlar Jarqo‘rg‘on tumanidagi Jarqo‘rg‘on minorasi mahallasining yangi qurilgan idorasi binosi bilan ham tanishdi. Guliston mahallasida bo‘lib, tomorqani oila byudjetining daromad manbaiga aylantirgan dehqonlar bilan gurunglashdi. Suv ta’minoti, ekinlarni parvarishlash, yetishtirilayotgan mahsulotni sotish kabi masalalar bilan qiziqdi.
– Mahallalar katta bunyodkorlik maydoniga, tomorqalar odamlarning daromad manbaiga aylanibdi, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Chori Jumaqulov. – Ko‘rib, ko‘zimiz quvnadi. Endi bu ishlarni xalqqa yetkazish bizning mahoratimizga bog‘liq. Hamkasblarni mahallalar bilan tanishtirib, bo‘layotgan o‘zgarishlarni keng yoritishga e’tiborni kuchaytirish kerak ekan, degan fikrga keldim.
Shu kuni press-tur qatnashchilari Jarqo‘rg‘on tumanidagi Qorayontoq mahallasida qad rostlagan “Yangi O‘zbekiston” massivi bilan ham yaqindan tanishdi. Osmono‘par ko‘p qavatli uylar atrofida amalga oshirilgan ko‘kalamzorlashtirish ishlaridan bahri-dillari ochildi. Mahalla idorasi, yo‘l, maktab, nodavlat o‘quv markazi, aholiga tibbiy, savdo, maishiy va boshqa xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, vorkaut maydonchasini ko‘zdan kechirdi. Keng, shinam xonadonlarda yashayotgan odamlar bilan suhbatlashdi.
– Mahallalarni obod maskanga aylantirib, odamlarning turmush sharoitini yaxshilash yo‘lidagi ishlarga bosh bo‘layotgan “yettilik” xodimlari o‘rtasida bu yil sport bellashuvlari o‘tkazishni joriy etdik, – deydi O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Saydulla Abduraimov. – “Mahalla yettilik”lari o‘rtasida basketbol musobaqasini o‘tkazyapmiz. Bu bilan xodimlarning jismoniy mashg‘ulotlarga qiziqishini oshirib, joylarda sport va uning salomatlikka foydasini targ‘ib qilyapmiz. Qumqo‘rg‘on tumanidagi Yangishahar va Yangiobod mahallalari “yettiligi” hozir voleybol musobaqasini o‘tkazmoqda. Istasalaringiz bu o‘yinni ham bir muddat tomosha qilishlaringiz mumkin.
Kechga yaqin jurnalistlar Qumqo‘rg‘on tumanidagi ikki mahalla “yettiligi”ning sport bellashuvlarini ham tomosha qildi. Matbuot safari bahonasida kimdir yangishaharliklarning, boshqa birov yangiobodliklarning basketbol o‘yiniga muxlis bo‘lib qoldi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri