Uchquduqda Navro‘z ayyomi davom etmoqda
Navro‘z xalqimizning asrlar davomida sayqallangan, insonparvarlik, bag‘rikenglik va hamjihatlik g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan ulug‘ ayyomidir. Bu bayram nafaqat tabiatning uyg‘onishi, balki qalblarning ham yangilanishi, ezgulik va mehr-oqibatning yuksalishini anglatadi. Shu boisdan Navro‘z yillar davomida yurtimizda keng nishonlanib, xalqimizni birlashtirib kelmoqda.
Joriy yilda ham Uchquduq shahrida joylashgan Shimoliy kon boshqarmasida Navro‘z bayrami yuqori kayfiyat va ko‘tarinki ruhda “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!” shiori ostida nishonlandi.

– Korxonamizda qariyb 15 mingga yaqin ishchi-xizmatchi mehnat qiladi, – deydi 22-sonli kasaba uyushmasi raisi Murod Isoqov. – Hozirda har bir bo‘lim va bo‘linmalarda bayram shukuhi davom etmoqda. Tadbirda jamoalar tomonidan tayyorlangan milliy taomlar ko‘rgazmasi, shuningdek, xalq o‘yinlari – lanka tepish, tosh ko‘tarish, lapar aytish kabi bellashuvlar bayramga yanada fayz bag‘ishladi. Milliy kuy-qo‘shiqlar esa tadbir ishtirokchilariga o‘zgacha zavq va ruhiy ko‘tarinkilik ulashdi. Doshqozonlarda osh damlandi.

Tadbir so‘nggida eng faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A. Bo‘riyev, O‘zA