Tushovdan qachon qutilamiz?
To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar muammosi jamiyatimizning eng og‘riqli nuqtalariga aylandi.
O‘ z l i k
To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar muammosi jamiyatimizning eng og‘riqli nuqtalariga aylandi. Buni keng jamoatchilik bilan muloqotlar, joylarda o‘tkazilgan o‘rganishlar va fuqarolardan kelayotgan shikoyatlar ham tasdiqlab turibdi.
Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan to‘ylar va kortejlar bilan bog‘liq lavhalar aqli bor odamni hushyor torttiradi. Jiddiy o‘ylashga majbur qiladi.
Ochig‘i, to‘ylar bilan bog‘liq muammolar yurtimizda bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Bundan 100 yil avval ma’rifatparvar bobolarimiz xalqimiz taraqqiyotiga g‘ov bo‘layotgan illatlar haqida so‘z yuritganlarida, albatta, to‘ylar to‘g‘risida ham kuyunib gapirganlar. Behbudiy ta’biri bilan aytganda, to‘y va aza ismidagi bu ikki qattol dushman hayotimizga egov, oyog‘imizga tushov bo‘lib kelayotgani bor gap.
Mahmudxo‘ja Behbudiy bobomiz “Oyina” jurnalining 1915 yildagi nashrida shunday deydi: “To‘y va ta’ziyag‘a sarf qilinaturg‘on oqchalarimizni biz ilm va din yo‘lig‘a sarf etsak, ovrupoyilardek taraqqiy etarmiz va o‘zimiz-da, dinimiz-da obro‘y va rivoj topar. Yo‘q, hozirgi holimizg‘a davom etsak, din va dunyog‘a zillat va miskinatdan boshqa nasibamiz bo‘lmaydur”.
Ko‘rinib turibdiki, to‘y-hasham, ortiqcha dabdaba, isrofgarchilik kabi holatlar asrlar davomida bizni taraqqiyotdan ortga tortib kelyapti. Shuning uchun 2018 yildan bu masalaga jiddiy e’tibor qaratib, tegishli qarorlar qabul qilganimizdan xabaringiz bor. Lekin biz mazkur hujjatlarda mas’uliyatni asosan jamoatchilik, hududlardagi komissiyalar zimmasiga yuklagandik. Afsuski, natija kutganimizdek bo‘lmadi. O‘sha paytda dabdabalar biroz pasaygan bo‘lsa-da, bugun yana o‘sha-o‘sha bachkanalik, manmanlik, pul sochish, qator-qator mashinalarda sayr qilish holatlari avjiga chiqdi.
To‘y-hashamlarda, oilaviy tantanalarda, ma’raka va marosimlarda, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazishda shuhratparastlik, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, boshqalarning ijtimoiy ahvolini inobatga olmaslik, isrofgarchilik, xalqimizning urf-odatlari va an’analarini mensimaslik kabi illatlar ko‘zga tashlanmoqda. Ayrim fuqarolar dabdabali to‘y marosimlari va ularni o‘tkazishga sarflanadigan katta xarajatlar oqibatida qarzga botib, undan qutilish maqsadida chet elga ishlash uchun chiqib ketmoqda.
Ba’zilar oilaviy tadbirlarni dabdaba bilan o‘tkazishni qo‘shnilar, qarindoshlar tomonidan bo‘ladigan tanqidlardan, qoralashdan, umuman olganda, ijtimoiy tazyiqdan xalos bo‘lish vositasi sifatida tushunmoqda. Vaholanki, bunday tadbirlar yaqin qarindoshlar o‘rtasida qarzdorlik vujudga kelishiga va oqibatda keskin ziddiyatlarga olib kelmoqda.
Aksariyat aholi, ayniqsa, xotin-qizlar ongida oilaviy tadbirlarda qiz tomonning sarf-xarajatlari qanchalik yuqori bo‘lsa, qaynona-kelin munosabatlari shunchalik yaxshi bo‘ladi, degan noto‘g‘ri tasavvur tobora mustahkamlanib bormoqda.
“Charlar”, “aqiqa" marosimi, “muchal to‘yi”, “qiz majlis”, “kuyov chaqiriq”, hayitda “kelin ko‘rish” kabi marosimlar aholi tomonidan ortiqcha deb baholanmoqda. Endi kamiga yaqinda “papka to‘yi” degan bemaza marosim ham paydo bo‘libdi. Bunday marosimlarni tashkil etayotgan shaxslarda tadbirlarni obro‘liroq joyda o‘tkazishga, o‘zining yutuqlarini ko‘z-ko‘z qilishga, moddiy mavqei bilan maqtanishga intilish kuchaymoqda.
Aksariyat to‘yxona egalari ixcham va kamxarj o‘tkazish niyatida bo‘lgan fuqarolardan oilaviy tadbirlarni o‘tkazishda belgilangan qoidalarga zid ravishda to‘y xarajatlarini ikki-uch baravar miqdorda asossiz undirib olmoqda.
Oilaviy tadbirlarda san’atkorlar haddan ziyod baland narxlarda xizmat ko‘rsatmoqda, konsert-tomosha xizmatlarini ko‘rsatish davomida milliy mentalitetimiz, qadriyatlarimiz va urf-odatlarimizga mos kelmaydigan, “ommaviy madaniyat” illatlarini targ‘ib etadigan hamda yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan xatti-harakatlar namoyish etilmoqda.
Yuqorida qayd etilgan holatlarning tobora avj olishi ming-minglab oilalarning nafaqat ijtimoiy ahvoliga, balki butun hayotiga, qolaversa, jamiyatimizda qaror topgan ma’naviy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Ortiqcha sarf-xarajatlar, dabdababozlik jamiyatda ijtimoiy tengsizlikni, tabaqalanishni bo‘rttirib ko‘rsatyapti va bu o‘z-o‘zidan aholi orasida norozilik kayfiyati kuchayishiga sabab bo‘ladi.
Mazkur holatlarga chek qo‘yish, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirish, jamiyatda ijtimoiy adolatni ta’minlash, aholi, ayniqsa, yoshlarda tejamkorlik madaniyatini shakllantirish maqsadida oilaviy tadbirlarni qat’iy tartibga solishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.
Oilaviy tadbirlarni o‘tkazishni tartibga solish bo‘yicha keng jamoatchilik, Respublika ishchi guruhi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari, shuningdek, fuqarolar yig‘inlari komissiyalari tomonidan bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi Kengashlarining “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Ushbu qarorga ko‘ra, birinchidan, To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Nizom 2020 yilning 1 yanvaridan kuchga kiritiladi.
Mazkur Nizom talablariga rioya qilish yuzasidan nazorat olib borish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari, shuningdek, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, Ichki ishlar profilaktika inspektorlari zimmasiga yuklanishi belgilandi.
Ikkinchidan, to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solishga oid jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha Respublika ishchi guruhining faoliyati tugatilib, uning negizida To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi tuzilmoqda.
Uchinchidan, to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni ixcham va tartibli o‘tkazishni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanadi.
Shuningdek, mutasaddi vazirlik va idoralar zimmasiga to‘y va boshqa marosimlarni ixcham o‘tkazishni ta’minlash mas’uliyati yuklanadi.
Xususan, Madaniyat vazirligi va "O‘zbekkonsert" davlat muassasasi oilaviy tadbirlarni milliy qadriyatlarga mos tarzda ixcham va kamxarj o‘tkazishga erishish uchun san’atkorlar tomonidan konsert-tomosha xizmatlari ko‘rsatilishini tartibga solish choralarini ko‘rishi belgilangan.
Ichki ishlar vazirligi oilaviy tadbirlar o‘tkazilishida jamoat tartibi va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash hamda fuqarolar xavfsizligiga jiddiy xavf solishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish choralarini doimiy ravishda ko‘rib boradi.
Transport vazirligi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda oilaviy tadbirlarda pullik avtotransport xizmati ko‘rsatish faoliyatini litsenziyalashning alohida tartibini ishlab chiqadi hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi oilaviy tadbirlar o‘tkazilishining doimiy monitoringini amalga oshiradi va uning natijalariga ko‘ra tegishli qaror va qoidalarni takomillashtirish yuzasidan takliflarni Oliy Majlis Senatiga kiritib boradi. Ehtimol, keyinchalik bu borada alohida qonun qabul qilinishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari ushbu qarorning ijrosi yuzasidan har chorak yakuni bo‘yicha Senatga axborot kiritib boradi.
Shu o‘rinda Nizomdagi ayrim muhim jihatlarga to‘xtalib o‘tsak. Nizom 5 bob va 22 banddan iborat. Unga ko‘ra, oilaviy tadbirlar faqat bir kun soat 06:00 va 23:00 oralig‘ida o‘tkaziladi. Dafn etish marosimi bundan mustasno.
Hududlarning sharoitlaridan kelib chiqib, xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan osh berish marosimining vaqti alohida belgilanishi mumkin.
Soat 23:00 dan keyin oilaviy tadbirlarni davom ettirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Oilaviy tadbirlarda 200 nafargacha, mazkur tadbirlar munosabati bilan osh berish marosimida 250 nafargacha kishi qatnashadi.
Qo‘shaloq to‘y-hashamlarda 250 nafargacha, u bilan bog‘liq osh berish marosimida 300 nafargacha kishi qatnashishi mumkin.
To‘y-hashamlarni o‘tkazuvchi shaxslar tadbirlarni o‘tkazishdan kamida bir hafta oldin yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini xabardor qilishi shart.
Shuningdek, nikohni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, kelin-kuyovning to‘yxonaga kelishi va ketishi bilan bog‘liq oilaviy tadbirlarda 3 tadan ko‘p bo‘lgan yengil avtomashinadan yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi boshqa transport vositalaridan foydalanishga ruxsat etilmaydi.
Oilaviy tadbirlarda (dafn etish marosimidan tashqari) pullik avtotransport xizmati litsenziyaga ega bo‘lmagan tashuvchilar tomonidan ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, to‘y egalarining shaxsiy avtomashinalaridan hamda homiylar yordamida jalb etilgan avtotransport vositalaridan foydalanilgan hollar bundan mustasno.
Mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligiga putur yetkazmaslik, jamiyatda shakllangan odob-axloq qoidalariga qat’iy amal qilish zarurligi belgilab qo‘yildi.
Oilaviy tadbirlarda diniy mavzuda ma’ruza ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ushbu ma’ruza din idorasining vakolatli vakili tomonidan o‘qiladi.
Milliy an’analarga yot, odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan turli shoularni, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan oilaviy tadbirlardan oldingi, tadbir davomidagi va undan keyingi qo‘shimcha rasm-rusumlarni (“kelin navkari”, “charlar”, “ota ko‘rdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “tog‘ora yuborish” va hokazolarni) o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Dafn etish va motam marosimlari bilan bog‘liq ortiqcha tadbirlarni (“yetti”, “payshanbalik”, “yakshanbalik”, “yigirma”, “qirq”, “hayit”, “yil oshi”, “pul tarqatish”, “mato ulashish” va hokazolarni) o‘tkazishga ruxsat berilmaydi.
To‘yxona, kafe va restoranlarda 50 nafar va undan ortiq shaxslar ishtirokida oilaviy tadbirlar o‘tkazish uchun tadbir o‘tkazuvchi shaxs hamda to‘yxona, kafe va restoran rahbari o‘rtasida shartnoma tuziladi.
Oilaviy tadbirlarda san’atkorlar (xonanda, sozanda, raqqosa, boshlovchi, so‘z ustasi, fotograf va boshqalar) qonun hujjatlariga muvofiq shartnoma asosida xizmat ko‘rsatadi.
Oilaviy tadbirlarda ikki nafardan ortiq xonandaning (guruhning) xizmat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni muvofiqlashtiruvchi Respublika komissiyasi va hududiy komissiyalar, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi, Respublika “Nuroniy” jamg‘armasi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining hududiy bo‘linmalari o‘z vakolatlari doirasida oilaviy tadbirlar o‘tkazilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish bo‘yicha mas’ul hisoblanadi
Mahalliy hokimliklar, prokuratura, ichki ishlar, soliq va FHDYo organlari oilaviy tadbirlarning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘tkazilishi ustidan ta’sirchan nazoratni amalga oshiradi.
Ichki ishlar organlari oilaviy tadbirlarni o‘tkazishga oid qonun hujjatlari talablariga to‘yxona, kafe va restoranlarda rioya etilishini nazorat qiladi hamda ushbu talablar buzilganligi aniqlangan holatda tegishli shaxslarni javobgarlikka tortish choralarini ko‘radi.
To‘yxona, kafe va restoranlar ma’muriyati rejalashtirilayotgan oilaviy tadbirlar haqida ushbu tadbirlar o‘tkazilishidan kamida ikki kun oldin tegishli hududdagi ichki ishlar organiga yozma ravishda xabar berishi lozim.
Respublika komissiyasi va hududiy komissiyalar, boshqa jamoat tashkilotlari, mahalliy Kengashlar o‘z vakolatlari doirasida ushbu Nizomga amal qilinmagan holatlar yuzasidan tegishli jazo choralarini ko‘rish uchun vakolatli organlarga takliflar kiritadi.
Nizomda belgilangan talablar ijrosi to‘liq ta’minlanishi nazoratga olinsa, o‘ylaymanki, to‘y va boshqa marosimlarimiz maqsadga muvofiq ixcham o‘tadi.
O‘zi aslida to‘ydan maqsad yangi oila qurilgani haqida yaqinlarga ma’lum qilishdan iborat. To‘y – bu sog‘lom hayotga qo‘yilgan qadam, kichik vatan qurilgani haqida ma’lumot. Yaqinlar diydoriga to‘yish, degan ma’noda ham qo‘llanadi, albatta. Lekin bugungi isrofgarchiliklar, ko‘r-ko‘rona dabdabalar jondan to‘ydirish darajasiga borib yetyapti.
Bugun barchamiz g‘ayrat kamarini bog‘lab, oyog‘imizdagi eski tushovni yechadigan payt keldi...
Iqbol MIRZAALIEV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Senatining Yoshlar, madaniyat va sport
masalalari qo‘mitasi raisi.