Turkiyada chiqindini SI nazorat qila boshladi
Turkiyaning Oydin viloyati Qushadasi shahrida ko‘cha tozaligini ta’minlash va chiqindini yig‘ish samaradorligini oshirish uchun sun’iy intellektga asoslangan aqlli tizim ishga tushirildi.
Viloyat hokimiyati matbuot xizmati O‘zA muxbiriga bergan ma’lumotga ko‘ra, yangi texnologiya konteynerning to‘lish darajasini aniqlash, belgilangan joydan tashqariga tashlangan chiqindini topish va maxsus transport vositasi harakatini maqbullashtirish imkonini beradi.
Hokimlik tozalash xizmatida qo‘llana boshlangan tizim chiqindi tashuvchi avtomobilga o‘rnatilgan SI kamerasi yordamida ishlaydi. Kamera konteyner holatini tahlil qilib, tozalash ishini qaysi hududda tashkil etish zarurligini aniqlaydi.
Texnologiyaning yana bir muhim jihati – konteyner yoniga yoki belgilanmagan joyga tashlab ketilgan qurilish chiqindisi, eski mebel va bog‘ chiqindisini aniqlash. Tizim qayd etgan ma’lumot asosida chiqindi to‘plangan manzil belgilanib, tozalash guruhi tegishli hududga yo‘naltiriladi.
Shahardagi chiqindi konteynerlari raqamli xarita orqali kuzatib boriladi. Bu mas’ul xizmatlarga vaziyatni tezkor baholash, ishni ehtiyojga qarab rejalashtirish va mavjud texnik imkoniyatdan samarali foydalanish imkonini beradi.
Yangicha yondashuv ortiqcha qatnovni qisqartirishi, yo‘nalishni maqbullashtirishi, yonilg‘i sarfi va transport xarajatini kamaytirishi, shuningdek avtomobildan chiqadigan zararli gaz miqdorini kamaytirishi kutilyapti.
Mazkur tashabbus shahar infratuzilmasini raqamlashtirish va kommunal xizmatni zamonaviy texnologiya asosida tashkil etishga qaratilgan. Tizim izchil ishlashi chiqindini vaqtida yig‘ish, ko‘cha ozodaligini saqlash va shahar muhitini yanada obod qilishga yordam berishi shubhasiz.
Nodira Qayumova, O‘zA
Turkiya