Turkiya elchisi bilan uchrashuv
2021 yil 14 aprel kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda siyosiy fanlar doktori Olgan Bekar TDSHU faoliyati, universitetning O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi ta’lim va ilm-fandagi aloqalarni rivojlantirishdagi o‘rni, turkshunoslik sohasining hozirgi holati va istiqboldagi rejalari bilan yaqindan tanishdi.
Olgan Bekar so‘ngi yillarda TDSHU Turkiya universitetlari va tashkilotlari, Turkiya elchixonasi bilan olib borayotgan tizimli hamkorlik, turkshunoslik sohasi rivojlanishiga berilayotgan e’tiborga yuqori baho berib, kelgusida ham elchixona ta’lim va ilm-fan sohasida turli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. TDSHU O‘zbekistondagi tashrif buyurgan ilk oliy ta’lim muassasasi ekani shuning dalilidir, deb ta’kidladi mehmon.
Suhbat chog‘ida universitet rektori Gulchehra Rixsiyeva TDSHU va Turkiyaning O‘zbekistondagi TIKA tashkiloti vakolatxonasi bilan olib borilayotgan hamkorlik xaqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, mazkur tashkilot bilan o‘tgan hamkorlik davri mobaynida hozirda eng yirik grant loyihasi amalga oshirilayotgani, xususan, turkshunoslik fakultetiga ajratilgan qavatlarni to‘liq ta’mirlash va jihozlashni o‘z zimmasiga olgani ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida Olgan Bekar TDSHUda joriy yil 30 aprel kuni o‘tkaziladigan “O‘zbekistonning Turkiy kengash davlatlari bilan hamkorligi” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga taklif etildi.
Elyor Mahmudov,
TDSHU xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori