Turkiy dunyo tarixida ilmiy va madaniy burilish: Boku Turkologiya qurultoyiga 100 yil!(+video)
Bundan ropa-rosa bir asr muqaddam Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida turkiy xalqlarning taqdiri va tili rivojini belgilab bergan tarixiy Birinchi Turkologiya qurultoyi bo‘lib o‘tgan edi. Unda 131 nafar olim va ziyolilar qatorida 11 nafar mashhur o‘zbek jadid namoyandalari ham ishtirok etgan.
Boku shahrida ushbu qutlug‘ sana munosabati bilan “Birinchi Turkologiya qurultoyi: yuz yillik ilmiy va madaniy meros” mavzusida xalqaro kongress bo‘lib o‘tmoqda.
Anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ishtirok etib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kongress qatnashchilariga yo‘llagan tabrik va murojaatini o‘qib eshittirdi.
Davlatimiz rahbari o‘z murojaatida turkiy dunyo birligini mustahkamlash yo‘lida ikkita muhim va yirik tashabbusni ilgari surdi:
Birinchisi “Turkiy dunyo ma’rifatparvarlari” xalqaro ilmiy-ensiklopedik loyihasini yaratish;
Ikkinchisi jadidchilik harakati namoyandalarining barcha asarlari va arxiv hujjatlarini qamrab oluvchi yagona raqamli kutubxona shakllantirish.
Tadbirda dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan kelgan 100 dan ziyod olimlar qatorida o‘zbekistonlik tadqiqotchilar ham o‘z ma’ruzalari bilan qatnashmoqda. E’tiborlisi, tadbir aynan 100 yil avval qurultoy o‘tkazilgan Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasining tarixiy binosida bo‘lib o‘tmoqda.
Turkiy dunyo haftaligi doirasida ishtirokchilar Ozarbayjonning go‘zal va tarixiy go‘shalari — Og‘dam, Shusha va Xonkendi shaharlariga ham tashrif buyurishadi.
Batafsil lavha va tadbir jarayonlari yuqoridagi videomizda:
<iframe width="1335" height="751" src="https://www.youtube.com/embed/TAPn42F3dW0" title="Birinchi Turkologiya qurultoyi: yuz yillik ilmiy va madaniy meros" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shohruxbek Olimov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA