Sun’iy intellekt inson o‘rnini egallay olmaydi (+video)
O‘zbekiston xalq hofizi Ilhom Ibrohimov sun’iy intellektning san’atga ta’siri va bu texnologiya orqali yaratilayotgan sun’iy ovozlar haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda insoniyat texnika asrida yashamoqda va sun’iy intellekt hayotimizning turli jabhalariga jadal kirib kelmoqda. Ayniqsa, yoshlar orasida texnologiya, raqamli vositalar va yangi innovatsiyalarga qiziqish tobora ortib bormoqda. Shu bilan birga, bu jarayon san’at va madaniyatga bo‘lgan e’tiborni kamaytirmagan.
Ilhom Ibrohimovning aytishicha, avvallari san’atkorlik kasbiga nisbatan qarashlar boshqacharoq edi. Ko‘pchilik bu sohani jiddiy kasb sifatida qabul qilmas, hatto farzandlariga “san’atkor bo‘lasanmi?” degan munosabatda bo‘lardi. Bugun esa vaziyat butunlay o‘zgargan. Ota-onalar farzandlarini ataylab musiqa maktablariga, madaniyat markazlariga olib kelib, ularning iste’dodini rivojlantirishga harakat qilmoqda.
Bu esa jamiyatda san’at va madaniyatga bo‘lgan ishonch, hurmat va qiziqish sezilarli darajada ortganini ko‘rsatadi.
—Sun’iy intellekt orqali yaratilayotgan ovozlar kelajakda jonli ijro va haqiqiy san’at o‘rnini egallab qo‘yishi mumkinmi?
—Cun’iy intellekt qanchalik rivojlanmasin, uning eng katta kamchiligi — unda his-tuyg‘u yo‘qligi. Inson ovozidagi dard, ruh, ichki kechinma va har bir so‘zga berilgan tabiiy aksentni “mashina” to‘liq takrorlay olmaydi. Aynan shu jihat san’atning haqiqiy kuchini belgilaydi. Chunki qo‘shiq yoki she’r faqat so‘zlardan iborat emas, balki unda ijrochining qalbi, tuyg‘usi va hayotiy tajribasi mujassam bo‘ladi.
Ilhom Ibrohimov, shuningdek, o‘zbek tomoshabini san’atdagi nozik jihatlarni yaxshi his qilishini ta’kidlab, xalqimiz haqiqiy ovoz bilan sun’iy yaratilgan ovoz o‘rtasidagi farqni anglay olishini aytdi.
“San’atning joni — his va tuyg‘uda. Buni esa hech qanday sun’iy intellekt to‘liq almashtira olmaydi”, — dedi u.
Uning fikricha, texnologiyalar san’atga yordamchi vosita bo‘lishi mumkin, ammo haqiqiy ijod va jonli ijroning o‘rni hamisha alohida bo‘lib qoladi. Shu bois, kelajakda ham xalqimiz orasidan yangi, kuchli va iste’dodli san’atkorlar yetishib chiqaveradi.
<iframe width="1335" height="751" src="https://www.youtube.com/embed/CK9UoxQ816E" title="Sun’iy intellekt inson o‘rnini egallay olmaydi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Nigora Rahmonova,
Muqimjon Qodirov (video),
Salim Obidjonov (montaj),
O‘zA