Turkiy davlatlar kosmik sanoatda yangi kelishuv imzoladi
Bir davlat uchun kosmosga chiqish katta resurs, texnologiya va tajribani talab qiladi. Bir nechta davlat o‘z imkoniyatlarini birlashtirsa-chi?
Sun’iy yo‘ldosh yaratishdan tortib, uning ma’lumotlaridan foydalanishgacha bo‘lgan jarayonlarda umumiy loyihalar uchun yo‘l ochilishi mumkin.
Bugun turkiy davlatlar kosmik sohada ana shunday umumiy imkoniyatlarni izlamoqda. Bu yo‘nalishdagi navbatdagi qadam Antaliyada o‘tayotgan 77-Xalqaro astronavtika kongressi doirasida tashlandi.

Unda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar o‘rtasida kosmik sohadagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuvda «O‘zbekkosmos» agentligi direktori Shuhrat Qodirov ham ishtirok etdi.
Tadbir doirasida Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkiya va O‘zbekiston tomonidan «Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida hamkorlik salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha kosmik sanoat sohasidagi dastlabki shartnoma» imzolandi.
Hujjat kosmik texnologiyalar, sun’iy yo‘ldoshlarni ishlab chiqish, ilmiy tadqiqotlar, sanoat kooperatsiyasi hamda mutaxassislar salohiyatini oshirish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni institutsional jihatdan mustahkamlashga qaratilgan.
Nigora Rahmonova,
O‘zA