TUM bilan hamkorlik: PTUda yangi ta’lim dasturlari joriy etiladi
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Germaniyaning nufuzli oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalaridan biri - Myunxen texnika universiteti (Technical University of Munich - TUM) vakillari bilan uchrashdi.
Muloqot davomida farmatsevtika va tibbiyot sohalarida ta’lim, ilmiy-tadqiqot va innovatsiyalar yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv doirasida Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Farmatsevtika texnik universiteti (PTU) hamda Myunxen texnika universiteti (TUM) o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi. Hujjatga muvofiq, PTUda TUM tajribasi asosida «Bioinformatics» va «Biomedical Engineering» ta’lim dasturlarini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Yangi ta’lim dasturlarining yo‘lga qo‘yilishi zamonaviy farmatsevtika va tibbiyot sohalari uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, ta’lim jarayoniga ilg‘or xalqaro tajribani tatbiq etish va PTUning ilmiy-tadqiqot salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun: Myunxen texnika universiteti (TUM) xalqaro miqyosda tan olingan yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalaridan biri hisoblanadi. QS World University Rankings 2027 reytingida TUM dunyo universitetlari orasida 25-o‘rinni, Yevropa Ittifoqi va Germaniyada esa 1-o‘rinni egallagan.
Uchrashuv yakunida ta’lim va ilmiy-tadqiqot sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda zamonaviy mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlashni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Mohigul Qosimova, O‘zA