Trend: O‘zbekiston SI bo‘yicha dunyoning top-50 davlati qatoriga kirishni maqsad qilgan
O‘zbekiston 2030-yilga qadar Sun’iy intellektga tayyorlik global indeksida dunyoning yetakchi 50 davlati qatoriga kirishni maqsad qilgan. Bu haqda "Trend" axborot agentligi O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati ma’lumotiga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, mamlakatimiz SI asosidagi dasturiy mahsulot va xizmat qiymatini 1,5 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirgan. Ayni payt respublikamiz SIga tayyorlik bo‘yicha xalqaro reytingda 62-o‘rinni band etib turibdi.
Yurtimizning Jahon SI hamkorligi tashkilotidagi ishtiroki esa ilg‘or texnologiya, yirik til modeli va raqamli transformatsiya yechimini joriy etish, xorijiy texnologiya kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalar amalga oshirish hamda yuqori malakali mutaxassis tayyorlashga xizmat qilishi ta’kidlangan.
Maqola O‘zA va “Trend” axborot agentligi o‘rtasidagi hamkorlik kelishuviga muvofiq tayyorlandi.
D.Hakimov, O‘zA