Tramp Eronga tahdid qildi
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronni yana Hurmuz bo‘g‘ozini yopish va Livandagi ittifoqchilari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda ayblab, zarurat tug‘ilsa harbiy zarba berilishi mumkinligini ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Shveysariyaning Byurgenshtok shahrida vitse-prezident Jey Di Vens hamda Eron rasmiylari o‘rtasida Qatar vositachiligida muvaqqat tinchlik kelishuvi bo‘yicha ilk muzokara bo‘lib o‘tgan. Afsuski, ushbu tadbir Eron Hurmuz bo‘g‘ozini yana yopganini e’lon qilgan paytga to‘g‘ri keldi. Tehron o‘z qarorini Vashington Livandagi jangovar harakatni to‘xtatish bo‘yicha majburiyatini bajarmagani bilan izohlagan.
Tramp ham ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida Eron Livandagi tarafdorlari orqali keskinlikni kuchaytirishni to‘xtatishi kerakligini ta’kidlab, aks holda Tehron yana qattiq zarbaga duch kelishi mumkinligini bildirgan.
Shuningdek, Jey Di Vens muzokaradan keyin jurnalistlarga AQSH rahbariyati Eron bilan munosabatda yangi bosqich boshlash tarafdori ekanini aytdi. Uning qayd etishicha, Livandagi vaziyat murakkab bo‘lsa-da, ziddiyatni bartaraf etish yo‘lida muayyan siljish kuzatilmoqda.
Eron Tashqi ishlar vazirligi vakillari esa hozircha muzokara keyingi bosqichga o‘tishi uchun sharoit yetarli emasligini bildirgan. Tehron avval Livandagi harbiy harakat to‘liq to‘xtatilishi va iqtisodiy majburiyat bajarilishini talab qilmoqda.
D.Hakimov, O‘zA