Kinoteatr, cherkov va oq bo‘yoq: Yevropa issiqqa qarshi kurashmoqda
Yevropada havo harorati rekord darajaga chiqar ekan, ayrim shaharlar aholini jaziramadan himoya qilish uchun g‘ayrioddiy choralarga murojaat qilmoqda. Parijda yoshlar va keksalarga sovutgichli kinoteatrlarga bepul chipta tarqatilmoqda. Belgiyaning ayrim hududlarida esa o‘quvchilar imtihonni salqin cherkovda topshiryapti. Niderlandiyada aholi uchun maxsus “sovutish nuqtalari” tashkil etilgan.
Fransiyada eng qiziq holat qurilish do‘konida kuzatildi. Odamlar “Blan de Myodon” deb ataluvchi oq kukunni ommaviy ravishda sotib olmoqda. Suv qo‘shib oynaga surtiladigan ushbu aralashma quyosh nurini qaytarib, xona haroratini pasaytiradi. Mahalliy ommaviy axborot vositalari ma’lumotiga ko‘ra, bunday mahsulotga talab keskin oshgan.

Ispaniyada esa aholi suv havzalariga oshiqmoqda. Saragosa va Ueska shaharlarida basseyndan foydalanish narxi arzonlashtirildi, Logronoda issiq to‘lqin kuzatilgan payt suv havzasiga kirish mutlaqo bepul. Ba’zi tumanlarda favvoralar tungacha ishlayapti, ko‘chalarga suv purkagich o‘rnatilgan. Yuqori harorat va yong‘in xavfi tufayli ko‘plab hududlarda an’anaviy bayram gulxani, feyerverk bekor qilindi.

Italiya va Germaniyada asosiy e’tibor xavfsizlikka qaratilgan. Ayrim joylarda kunning eng issiq vaqti qurilish va qishloq xo‘jaligi yumushlari cheklanmoqda. GFRda pochta xodimlariga yengil kiyim berilgan, o‘rmon xizmati yong‘in xavfi keskin oshganidan ogohlantirmoqda. Ob-havo mutaxassislari esa yaqin kunlarda ko‘hna qitt’aning ayrim davlatlarida harorat 40 darajagacha ko‘tarilishi ehtimolini istisno qilmayapti.
Musulmon Ziyo, O‘zA