Tramp Erondan tovon talab qilmoqchi
Donald Tramp Eron bilan bo‘lajak sulh muzokarasida urush uchun tovon puli talab qilishini bildirdi. Bu yerda gap nafaqat hozirgi mojaro yetkazgan zarar, balki Tehronga bog‘liq deya baholanayotgan avvalgi hujumlar va halok bo‘lganlar oilalariga to‘lov haqida ham ketmoqda. AQSH rahbari ayni talab "kelgusi barcha muloqotlar”ga qat’iy kiritilishini aytdi. Shu bilan birga Hurmuz bo‘g‘ozini ochish va urushni tugatish bo‘yicha muzokara jarayoni hozircha siljimayotgani ma’lum qilindi.
Ayni talab Tehronning yondashuviga javobdir. Eron har qanday kelishuvdan oldin urush tovoni to‘lanishi, portlarga qo‘yilgan qamal bekor qilinishi va neft sanoatiga nisbatan sanksiya olib tashlanishini talab qilmoqda. Amerika esa Eronni 2000-yildagi “USS Cole” harbiy kemasi portlatilishi kabi voqealar uchun ham javobgar deb hisoblaydi. Yetakchining so‘nggi bayonotga ko‘ra, Livan, Suriya, Yaman va G‘azoda yetkazilgan zarar ham talablar ro‘yxatiga kiritilishi mumkin.
Muzokaradagi asosiy tugun – Hurmuz. Eron bo‘g‘oz ochilishi uchun Vashington avval qamalni yechishi va neft sanksiyasini bekor qilishi kerakligini aytmoqda. Bo‘g‘oz yopilishi esa yonilg‘i narxini oshirib, jahon iqtisodiyotiga bosim o‘tkazmoqda. Mazkur vaziyat Tramp uchun noyabrdagi oraliq saylov oldidan ham siyosiy muammoga aylanishi mumkin.
Ayni payt Tehronda harbiy rahbariyat ham yangilandi. Oliy rahbar Mujtoba Humonaiy general Ali Abdullohiyni Qurolli kuchlar Bosh shtabi rahbari etib, general Ahmad Vohidni esa Inqilob qo‘riqchilari korpusi qo‘mondonligiga tayinladi. Abdullohiy avval amaliyotlarni muvofiqlashtiruvchi markaziy harbiy qo‘mondonlikka rahbarlik qilgan. Galdagi tayinlovlar urush boshlangandan keyin Eron oliy rahbariyati amalga oshirgan dastlabki jiddiy harbiy o‘zgarishlardir.
Musulmon Ziyo, O‘zA