Hindiston Isroilga yirik hajmda harbiy mahsulot yetkazib berganmi?
“Amnesty International” tashkiloti xabar qilishicha, 2023-yil oktabrdan 2025-yil noyabrgacha Hindiston Isroilga 2596 turdagi harbiy vazifaga mo‘ljallangan mahsulot jo‘natgan.
Bunday yuk tarkibidan qurol-yaroq, o‘q-dori, ehtiyot hamda turli butlovchi qism o‘rin olgan. Hisobotda keltirilishicha, Isroil tomoniga 390 516 o‘q otar qurol bo‘lagi, dronning jangovar kallagi va artilleriya snaryadi gilzasini o‘z ichiga olgan 564 970 dona portlovchi modda komponenti hamda harbiy texnika uchun 298 detal yuborilgan.
Ayrim holatda mahsulotni qabul qilib olgan isroillik xaridorlar ham aniqlandi. Masalan, “Elbit Systems” kompaniyasi 155 millimetrli snaryad va “Skystriker” nomli shahid-dron uchun jangovar kallak olgan. Jo‘natma ikki mamlakat mustahkam mudofaa hamkorligi sharoitida amalga oshirilgan. Mahalliy ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan “Hindistonda ishlab chiqarilgan” davlat dasturida “Elbit Systems, Israel Aerospace Industries” va “Rafael” kabi yahudiy davlatining yetakchi kompaniyalari faol ishtirok etmoqda.
Shu bilan birga Hindiston ham Isroil harbiy sanoatining eng yirik xaridorlaridan biri bo‘lib qolmoqda. SIPRI tahliliga ko‘ra, 2021-2025-yillari Isroil mudofaa eksportining qariyb 29 foizi aynan Dehli hissasiga to‘g‘ri kelgan. Hindiston esa Ukrainadan keyin dunyoda eng ko‘p harbiy mahsulot import qiluvchi ikkinchi davlatdir. Shu davrda Hindiston mudofaa importining 40 foizi Rossiya, 29 foizi Fransiya va 15 foizi Isroilga to‘g‘ri kelgan.
“Amnesty International” o‘z navbatida Hindistonda harbiy mahsulot eksportini nazorat qilish va xalqaro standartga rioya etish tizimida jiddiy kamchilik mavjudligini ham ta’kidlab o‘tgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA