Toshkentda qarovsiz hayvonlar uchun ilk boshpana tashkil etiladi
Shahar faqatgina ko‘chalar, baland binolar va har kuni o‘z yumushi bilan qayergadir shoshilayotgan minglab odamlardangina iborat emas. Shaharning asl qiyofasi uning til-zabonsiz, yordamga muhtoj jonzotlarga qanday munosabatda bo‘lishida ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Aynan shu bois «Yunusabad City» hududidagi xonadonlardan birida yuz bergan holat kishini befarq qoldirmaydi.
Toshkent shahar hokimligi ma’lumotlariga ko‘ra, u yerda tor va talabga javob bermaydigan qafaslarda saqlanayotgan hamda achinarli sharoitda kun kechirayotgan itlar aniqlangan. Shuningdek, ularga nisbatan shafqatsizlik qilingani mumkinligi haqida ham xabarlar kelib tushgan. Mazkur holatning barcha tafsilotlari chuqur o‘rganib chiqilib, aybdor shaxslarga nisbatan tegishli huquqiy choralar ko‘rilishi ta’minlanadi.
Mazkur xabar kelib tushgach, Yunusobod tumani xodimlari va Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasi huzuridagi qarovsiz hayvonlarni tutish xizmati xodimlari zudlik bilan voqea joyiga yetib bordi. Ularning sa’y-harakatlari bilan 20 ga yaqin it qutqarilib, «Hayot» boshpanasi qaramog‘iga topshirildi.
Biroq hayvonlarni qutqarish — bu hali birinchi qadam, xolos. Qutqarilgan har bir jonzot ortida og‘ir sinovlar, qo‘rquv va azob-uqubatlar, shu bilan birga, oldinda mutlaqo boshqacha, yaxshi hayot kutayotganiga bo‘lgan umid yotadi. Shu sababli ayni paytda itlarni zarur parvarish, muolaja va xavfsiz sharoitlar bilan ta’minlash, shuningdek, sodir bo‘lgan voqeaning barcha tafsilotlarini chuqur o‘rganish dolzarb vazifa hisoblanadi.
Bunday vaziyatlarda bir haqiqatni hech qachon unutmaslik lozim: hayvonlarga nisbatan insonparvarlik munosabati sodir bo‘lgan voqeaga kim aloqador ekanidan qat’i nazar, o‘zgarmasligi kerak. Gap inson haqida ketadimi yoki taqdiri butunlay insonning mehr-muruvvatiga bog‘liq bo‘lib qolgan jonzot haqidami, qonun oldida javobgarlik va hayotga hurmat har doim ustuvor bo‘lishi shart.
Bugungi kunda poytaxtimizda aynan shunday sog‘lom yondashuv bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilmoqda. Xususan, Toshkentda qarovsiz hayvonlar uchun ilk ixtisoslashtirilgan shahar boshpanasini barpo etish boshlab yuborildi. U shunchaki vaqtincha saqlab turiladigan joy emas, balki mehr-muruvvat bilan tutish, veterinariya ko‘rigidan o‘tkazish, emlash, sterilizatsiya qilish, davolash hamda ularga munosib egalar topishni o‘z ichiga olgan yaxlit yordam tizimiga aylanadi.
Bunday tizim faqat ko‘chada qolgan hayvonlar uchungina emas, balki shahrimiz uchun ham birdek zarur. Chunki qarovsiz jonzotlarga nisbatan mas’uliyatli munosabat bir martalik qutqaruv tadbirlaridan emas, balki kasalliklarning oldini olish, sifatli veterinariya yordami va har bir fuqaroning ongli yondashuviga asoslangan izchil ishlardan boshlanadi.
Shu bilan birga, keng jamoatchilik va aholining faol ishtirokisiz hech qanday tizim to‘laqonli ishlay olmaydi. Befarq bo‘lmaslik, o‘z vaqtida xabar berish va o‘zganing dardidan chetda qolmaslik ba’zan bir jonzotning hayotini saqlab qoladigan hal qiluvchi qadamga aylanadi.
«Yunusabad City»dagi holat loqayd bo‘lmaslik va o‘z vaqtida chora ko‘rish qanchalik muhimligini yana bir bor isbotladi. Mahalliy aholi, hayvonlar himoyachilari, «Hayot» boshpanasi xodimlari va shahar xizmatlarining hamjihatligi tufayli jonzotlar xavfsizlikka erishib, yangi hayot boshlash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Roman BONDARCHUK tayyorladi,
O‘zA