Ta’limdan kasbga, kasbdan mustaqil hayotga ildam qadamlar
Bugun ta’lim jarayonida o‘quvchilarga nafaqat bilim berish, balki ularni kelajakdagi mustaqil hayotga tayyorlash, muayyan kasb-hunarga yo‘naltirish va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, inklyuziv ta’lim muhitida bunday yondashuv o‘quvchilarning o‘z imkoniyatlarini namoyon etishi va kelajakda munosib o‘rin topishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Toshkent viloyatining Ko‘p funksiyali inklyuziv resurs maktabida ayni yo‘nalishda qator ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirda mazkur ta’lim muassasasida 115 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ularning 77 nafari o‘g‘il bolalar, 38 nafari qiz bolalardir. Joriy o‘quv yilida 11 nafar o‘quvchi maktabni tamomlaydi.
O‘quvchilarning qiziqishi va qobiliyatidan kelib chiqib, maktabda turli kasb-hunar to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. 2026–2027-o‘quv yilidan boshlab elektr-payvandlash asosida turli jihozlar yasash bo‘yicha yangi kasb to‘garagi tashkil etildi. Unga maktabning texnologiya fani o‘qituvchisi Alixo‘ja Dadayev rahbarlik qilmoqda. Shuningdek, texnologiya fani o‘qituvchisi Qosimxo‘ja Dadayev boshchiligida “Kamar ishlab chiqarish” to‘garagi faoliyat yuritmoqda. Unda 14 yoshdan katta bo‘lgan 21 nafar o‘g‘il bola ishtirok etmoqda.

Maktabda pazandachilik, kulolchilik, dekor gullar va tikuvchilik to‘garaklari ham tashkil etilgan bo‘lib, ularga jami 66 nafar o‘quvchi jalb qilingan.
Mashg‘ulotlar davomida o‘quvchilar nafaqat muayyan kasb-hunar sirlarini o‘rganib, amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlamoqda, balki o‘z qo‘llari bilan mahsulot yaratish orqali mehnatining natijasini ko‘rmoqda. Bu esa ularda mustaqillik, mehnatsevarlik va o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchni shakllantirishga xizmat qilmoqda.

To‘garaklarda tayyorlangan mahsulotlar turli yarmarkalarda sotuvga qo‘yilmoqda. Ulardan tushgan mablag‘ hisobidan to‘garaklar uchun zarur xomashyo va jihozlar xarid qilinib, mashg‘ulotlarning moddiy bazasi mustahkamlanmoqda.
Eng muhimi, bu sa’y-harakatlar amaliy natija bermoqda. O‘tgan o‘quv yilida maktabni tamomlagan ayrim bitiruvchilar aynan kasb to‘garaklarida egallagan ko‘nikmalari orqali bugungi kunda daromad topmoqda.

— Men maktabning 5-sinfida o‘qiyman, — deydi Shahrizoda Soipova. – Darsdan tashqari tikuvchilik va gullar yasashni o‘rgandim. Bu mashg‘ulotlar menga juda yoqadi. O‘zim yasagan buyumlarni ko‘rib, xursand bo‘laman. Kelajakda bu hunarlarni yanada yaxshi o‘rganib, o‘z mehnatim orqali daromad topishni istayman. Ota-onam ham mening hunar o‘rganayotganimdan xursand. Maktabdagi bunday yondashuv ta’lim va kasbga yo‘naltirish jarayonini bir-biri bilan uyg‘unlashtirish imkonini bermoqda. O‘quvchilar o‘z qiziqishi va qobiliyatiga mos yo‘nalishni tanlab, uni amaliyot orqali o‘zlashtirmoqda.

Zero, ta’limning muhim natijalaridan biri — yoshlarni kelajak hayotga tayyorlash, ularga mustaqil qaror qabul qilish, mehnat qilish va o‘z imkoniyatlaridan samarali foydalanish ko‘nikmalarini berishdir.
A.Musayev,O‘zA