Toshkentda oliy ta’lim akkreditatsiyasi bo‘yicha xalqaro muloqot boshlandi
14-sentabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida «Akkreditatsiyada barqarorlik: xalqaro tajriba va milliy standartlar» mavzusida xalqaro tadbir o‘z ishini boshladi.
Unda oliy ta’limda akkreditatsiyaning o‘rni, ta’lim sifatini ta’minlashning zamonaviy yondashuvlari va xalqaro tajribani milliy amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilinmoqda. Xalqaro tadbirda 200 dan ortiq ishtirokchi — davlat organlari vakillari, oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlari va mutaxassislari, shuningdek, Germaniya, Buyuk Britaniya va Malayziyadan taklif etilgan ekspertlar ishtirok etmoqda.

Muhokamalarda akkreditatsiyani ta’lim tashkilotining belgilangan talablarga muvofiqligini baholash bilan cheklab qo‘ymaslik zarurligi ta’kidlanmoqda.
Ushbu jarayon, avvalo, oliy ta’lim tashkilotining rivojlanishi, faoliyat natijadorligini oshirishi va ta’lim sifatini muntazam takomillashtirishga xizmat qiluvchi mexanizm sifatida qaralmoqda.


Tadbir dasturidan Germaniya, Buyuk Britaniya va Malayziyada oliy ta’lim sifatini ta’minlash bo‘yicha shakllangan tajriba, O‘zbekistonda ta’lim sifatining xalqaro ekspertlar tomonidan baholanishi hamda akkreditatsiya jarayonlarida sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali va mas’uliyatli foydalanish masalalari o‘rin olgan.
Xususan, Myunster universiteti professori Frank Verner Altemyoller oliy ta’limda akkreditatsiyaning maqsadga erishishdan natijadorlik va akademik mukammallikka intilish sari harakatlanishdagi o‘rni va salohiyati haqida fikrlarini bayon qilmoqda.
Tadbirda akkreditatsiyaning amaliy jihatlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, Markaziy Osiyo universitetining kompleks davlat akkreditatsiyasidan muvaffaqiyatli o‘tish tajribasi misolida jarayonda yuzaga kelgan muammolar, ularning yechimlari hamda oliy ta’lim tashkilotlari uchun muhim bo‘lgan amaliy jihatlar muhokama qilinadi.

Kunning ikkinchi yarmida bitiruvchilar sifat indeksi, davlat akkreditatsiyasini o‘tkazishdagi muammolar va ularning yechimlari, tashqi baholash doirasidagi tashriflarni tashkil etish metodikasi, shuningdek, akkreditatsiya jarayonida stressni boshqarish masalalariga bag‘ishlangan amaliy sessiyalar o‘tkaziladi.
Shuningdek, Vebster universiteti tajribasi asosida bitiruvchilar sifatini ta’minlash va ta’lim natijalarini baholashning zamonaviy yondashuvlari ham taqdim etildi.
Xalqaro ekspertlar va mahalliy mutaxassislar ishtirokida o‘tayotgan tadbir O‘zbekistonda ta’lim sifatini ta’minlash tizimini ilg‘or xorijiy tajriba bilan boyitish, akkreditatsiya jarayonlarini takomillashtirish hamda oliy ta’lim tashkilotlarida sifatni doimiy ravishda rivojlantirishga qaratilgan yondashuvlarni muhokama qilish uchun muhim professional maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.
Hamroz Bayonov,O‘zA