“Tasanno” – turli xalqlarni bir dasturxon atrofida birlashtirgan festival
Birodar shaharlar alyansi tashabbusi bilan Toshkentda “Tasanno” xalqaro milliy taomlar va madaniyatlar festivali o‘tkazildi. Unda turli xalqlarning milliy taomlari, san’ati, urf-odatlari va an’analari namoyish etildi.
2004-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan “Tasanno” yillar davomida o‘ziga xos an’anaga aylangan. Avvaliga milliy taomlar namoyishi sifatida boshlangan tadbir bugun turli millat vakillarini bir joyga to‘playdigan, madaniyatlarni yaqinlashtiradigan va xalq diplomatiyasiga xizmat qiladigan yirik tadbirlardan biriga aylanib bormoqda.
Bu yilgi festivalda milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari hamda 10 dan ortiq xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi. Jumladan, Turkmaniston, Falastin, Indoneziya, Hindiston, Belarus, Polsha, Slovakiya, Ozarbayjon, Jazoir, Pokiston va boshqa mamlakatlar o‘z milliy madaniyati va taomlarini namoyish qildi.
[gallery-31415]
Festival maydonida har bir mamlakatning o‘ziga xos muhiti sezilib turdi. Milliy taomlar, dasturxon bezagi, milliy liboslar, musiqa va raqslar turli xalqlarning madaniyati haqida so‘zlab berdi.
Tadbirda “Tasanno” festivalining 2004-yildan buyon bosib o‘tgan yo‘li haqida videorolik ham namoyish etildi. Unda festivalning ilk kunlari, turli yillarda qatnashgan mamlakatlar va tadbirning xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirishdagi o‘rni aks ettirildi.
Shuningdek, festival tarixi haqida fotoko‘rgazma tashkil etildi. Unda turli yillardagi tadbirlar, xorijiy davlatlar elchixonalari va elchilarining tashriflari, milliy madaniy markazlar ishtiroki hamda festival doirasidagi madaniy tadbirlardan lavhalar o‘rin oldi.
Albatta, festivalning eng qiziqarli qismi — milliy taomlar ko‘rgazmasi bo‘ldi. Har bir mamlakat o‘zining sevimli va mashhur taomlarini taqdim etdi. Taomning mazasi bilan birga, uni tayyorlash an’anasi, dasturxonning bezatilishi va mehmonga tortiq qilish madaniyati ham baholandi.
Shu tariqa, oddiy taom ortida turgan katta tarix va madaniyatni ko‘rish mumkin bo‘ldi. Chunki har bir xalqning milliy oshxonasi uning turmush tarzi, qadriyatlari va mehmondo‘stligi haqida ko‘p narsa aytadi.
Milliy taomlar bilan bir qatorda musiqa va raqslar ham festivalga alohida fayz bag‘ishladi. Turli mamlakatlar san’atkorlarining milliy kuy-qo‘shiqlari va raqslari tadbirga yanada ko‘tarinki kayfiyat olib kirdi.
Festival yakunida milliy taomlar bo‘yicha baholash natijalari e’lon qilinib, turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. G‘oliblar va faol ishtirokchilar tantanali ravishda taqdirlandi.
N.Rahmonova,
A.Alijonov (surat), O‘zA