Toshkentda dunyoning eng kuchli stol tennischilari aniqlanadi
O‘zbekistonda ilk bor o‘tkaziladigan Osiyo stol tennisi chempionatiga tayyorgarlik ishlari qizg‘in davom etmoqda.
Shu kunlarda 19–25-oktabr kunlari poytaxtimizda ilk bor o‘tkaziladigan 29-ITTF–ATTU Osiyo stol tennisi chempionatini yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha ishchi guruhlar tomonidan tashkiliy tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Musobaqani o‘tkazish, sportchilar va delegatsiyalarni kutib olish, hakamlik, media, logistika hamda boshqa muhim yo‘nalishlar bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Ayni paytda O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasida Osiyo chempionati arafasida xalqaro mutaxassislar ishtirokida ITTF hakamlik bo‘yicha maxsus kurslar davom etmoqda.

Mazkur kurslar o‘zbekistonlik hakamlarning xalqaro miqyosdagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda ularning xalqaro sertifikatga ega bo‘lishlari uchun muhim imkoniyat sanaladi.

Kurslar yakunlari bo‘yicha mamlakatimizning bir qator stol tennisi hakamlari xalqaro darajadagi sertifikatlarni qo‘lga kiritish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasida xalqaro darajadagi eng ko‘p sertifikatlangan stol tennisi hakamlariga ega davlatlardan biriga aylanishiga zarur shart-sharoit yaratadi.
Dunyoning eng kuchli kichik raketka ustalari ishtirok etadigan dunyo birinchiligida munosib ishtirok etish uchun O‘zbekiston terma jamoasi tayyorgarlik mashg‘ulotlarini davom ettirmoqda.
T. Ro‘ziyev, O‘zA